O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari Rossiya chegarasida diniy kontent sabab mamlakatga kiritilmayotgani aytilmoqda

Rossiyaga kirishga uringan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining qurilmalarida radikal yoki ekstremistik kontent aniqlangan taqdirda mamlakatga kiritilmayapti. Bu holatlar TASS agentligi o‘rgangan 20 dan ortiq sud hujjatlarida qayd etilgan.
Hujjatlardan birida O‘zbekiston fuqarosiga Rossiyaga kirishga rad javobi berilgani keltirilgan. Sababi u radikal qarashdagi diniy blogerlar kanallarini va terroristik tashkilotlar faoliyati haqidagi videolarni ko‘rgan. Chegarachilar bunday holatlarni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholagan.
Shuningdek, chegara nazoratidan o‘tmagan bir necha kishida Ukraina tarafdori bo‘lgan kanallarga obuna bo‘lish, Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlarining xatti-harakatlarini qoralangan yozishmalar aniqlangan.
Nashrga ko‘ra, bunday tekshiruvlar 2024-yil 22-mart kuni Crocus City Hallʼdagi teraktdan so‘ng kuchaytirildi. So‘nggi bir yarim yil ichida Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarolari Rossiyaga kirish taqiqlanishi haqidagi qarorni sudda bekor qilishga intilgan.
Aksariyati Rossiyada ishlash yoki qarindoshlarini ko‘rishga borganini aytgan. Biroq barcha hollarda sudlar chegara xizmatining qarorini qonuniy va asosli deb topib, rad javobini o‘z kuchida qoldirgan.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning bolalari uchun pullik ta’lim joriy etish taklif qilingani haqida yozgandik.