Yangiliklar

Ukraina elchisi Oʻzbekistondagi missiyasini tugatdi

U 2020-yil aprel oyida elchi etib tayinlangan
Foto: Nikolay Doroshenko / Facebook

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qaroriga koʻra, 2020-yildan buyon Oʻzbekistonda elchi lavozimida faoliyat yuritgan Nikolay Doroshenko diplomatik missiyasini yakunlamoqda.

Elchi bu haqda shaxsiy Facebook sahifasi orqali xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, diplomatik korpus rotatsiyasi doirasida qabul qilingan qaror mamlakat rahbariyatining unga boʻlgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.

«Oʻzbekistondagi faoliyatim davomida ogʻir vaziyatlarda ham yurtim manfaatlarini himoya qilish sharafini boshimdan kechirdim. Ishimga baho berishni boshqalarga qoldiraman, biroq qilgan ishlarim uchun uyalmayman», – dedi Doroshenko.

U, shuningdek, oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston jamiyatiga Ukraina haqiqatini yetkazishga harakat qilganini va bu boradagi sa’y-harakatlari samara berishiga umid bildirdi.

Ma’lumot uchun Nikolay Doroshenko 2020-yil aprel oyida elchi etib tayinlangan boʻlib, oktabr oyida Oʻzbekiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirgandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya – Ukraina urushida halok bo‘lgan chet elliklar soni bo‘yicha O‘zbekiston uchlikka kirgani haqida xabar bergan edi.