Avto

Volvo EX30 Cross Country avtomobili taqdim etildi

Narxi $36,7 ming
Volvo
Volvo EX30 Cross Country taqdim etildi / Foto: Volvo

Volvo kompaniyasi EX30 elektromobilining har xil yo‘l sharoitlariga moslashtirilgan yangi Volvo EX30 Cross Country versiyasini taqdim etdi. Yangi model yo‘ldan tashqari harakatlanish uchun mo‘ljallangan maxsus obves bilan jihozlangan.

Ma’lum qilinishicha, avtomobilning rasmiy narxi 263 800 yuanni ($36,7 ming) tashkil etadi. EX30 Cross Country ikki elektromotorga ega bo‘lib, umumiy quvvati 428 ot kuchiga teng. Batareya sig‘imi 66 kVt/soat, bir quvvat bilan 540 km masofani bosib o‘tadi (CLTC mezoni bo‘yicha).

Foto: Volvo

Model Volvo’ning klassik skandinav uslubida tayyorlangan. Old panjarasida Shvetsiyadagi eng baland nuqta – Kebne tog‘ining koordinatalari o‘yib yozilgan. Panjara suv va chizilishga chidamli materialdan tayyorlangan.

Mashina 19 dyuymli g‘ildiraklar, qora bagaj qopqog‘i va Cross Country yozuvi bilan ajralib turadi. O‘lchamlari: 4233 × 1850 × 1573 mm, g‘ildirak bazasi – 2650 mmni tashkil etadi.

Rasmiy suratlarda avtomobil tomida palatka bilan ko‘rsatilgan. Volvo kelajakda ochiq havoda dam olishni yoqtiruvchilar uchun yana ko‘plab aksessuarlar taklif qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda Volvo XC60 benzinali versiyasining narxi keskin arzonlashgani haqida yozgan edi.