
Nothing kompaniyasi arzon narxdagi yangi aqlli soati – CMF Watch Pro 3ni taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Narxi bor-yo‘g‘i $99 bo‘lgan ushbu model dizaynini saqlab qolgan holda, funksiyalar bo‘yicha sezilarli yangilanishlar olgan.

Soat 1,43 dyuymli AMOLED ekran, Always On Display rejimi, 466×466 pikselli aniqlik va 650 nit yorqinlik bilan ta’minlangan. Ekran oldingi modellarga nisbatan 10% katta va 60 Hz yangilanish tezligiga ega. Uch xil rangda taklif etiladi: to‘q kulrang, och kulrang va to‘q sariq.

CMF Watch Pro 3 sport va sog‘liq funksiyalarida ham yangilanishlarga ega. Soat 5-kanalli GPS, 4-kanalli yurak urish sensor, SpO2 (qon kislorod darajasi), stress kuzatuvi, nafas mashqlari, menstrual sikl monitoringi kabi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Muhim yangilik – ChatGPT integratsiyasi. Foydalanuvchi sun’iy intellekt bilan ovozli buyruqlar orqali muloqot qila oladi. Soat IP68 himoya darajasi bilan chang va suvdan himoyalangan.

Quvvati 13 kungacha yetadi, to‘liq zaryad olish esa 99 daqiqani tashkil qiladi. Soat Strava, Apple Health va Google Health Connect bilan sinxronizatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 299 dollarlik Nothing Headphone taqdim etilgan edi.