AQSh «Golden Dome» loyihasi uchun SpaceX o‘rniga yangi hamkorlar izlamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat «Golden Dome» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratishda Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga qaramlikni kamaytirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tramp va Mask o‘rtasidagi ziddiyatdan so‘ng, Pentagon loyihaga Amazon’ning Kuiper sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i hamda Lockheed Martin va Northrop Grumman kabi an’anaviy mudofaa kompaniyalarini jalb etishga kirishdi.
$175 mlrdlik loyihaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, sun’iy yo‘ldoshlar sonini oshirish va milliy xavfsizlikni mustahkamlash rejalashtirilgan. Harbiylashtirilgan kosmos konsepsiyasi global xavfsizlik muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. SpaceX hozircha asosiy yetkazib beruvchilardan biri bo‘lib qolmoqda, ammo raqobatchilar soni oshmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask SpaceX kompaniyasining Starship raketasi bo‘yicha o‘ninchi orbital parvozi qachon amalga oshirilishi haqida yozgan edik.