
Dakka shahrida Bangladeshning havo kuchlariga tegishli F-7 rusumli o‘quv samolyoti maktab binosiga qulab tushdi. Bu haqda BBC News ma’lum qildi.
Halokat oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 170 dan ortiq kishilar jarohat oldi. Jabrlanganlarning aksariyati maktab o‘quvchilari bo‘lib, 17 nafari voyaga yetmaganlar ekani bildirildi.
Samolyot texnik nosozlik sabab parvoz vaqtida boshqaruvni yo‘qotgan. Uchuvchi mayor Taukir Islom aholi zich bo‘lmagan hududga yo‘naltirishga harakat qilgan, biroq halok bo‘lgan. Rasmiylar tergov boshlandi deya ma’lum qildi. Bangladesh hukumati seshanba kunini motam kuni deb e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda parashyutchilar samolyoti qulab tushgan edi.