
General Motors (GM) Braziliyada yangi 2026-yilgi Chevrolet Tracker 100 Years Edition modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.
Ushbu model kompaniyaning mamlakatdagi 100 yillik faoliyatini nishonlash uchun chiqarilgan. Tracker 100 Years – Chevrolet’ning yil davomida Braziliya bozoriga chiqargan uchinchi yubiley modeli bo‘ldi. Bungacha S10 va Onix avtomobillari ham maxsus seriyada ishlab chiqarilgan edi.

Yangi Tracker RS komplektatsiyasiga asoslangan. Maxsus Noronha Blue rang, 17 dyuymli disklari, grafit rangdagi bamper bezaklari va 100 yillik logotipi bilan ajralib turadi. Saloniga premium o‘rindiqlar va eksklyuziv detallarga ega.


Avtomobil 1.2 litrli turbomotor bilan jihozlangan. U 141 ot kuchi va 225 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Uzatmalar qutisi – 6 bosqichli avtomat. Faqat old g‘ildirakdan tortuvchi versiyada sotiladi.
Yangi Tracker 100 Years Edition modeli Braziliyada ishlab chiqariladi va hozirda dilerlik markazlarida savdoga chiqarilgan. Narxi taxminan $34,2 mingga teng.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Tracker avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.
Yangilanishdan so‘ng Tracker zamonaviy ikki qavatli faralar dizaynini olgan. Yuqorida – ingichka LED chiroqlar, pastda esa asosiy faralar joylashgan. Qimmat komplektatsiyalarda tuman chiroqlari ham bor. Shuningdek, old bamper va radiator panjarasi yangilangan. Orqa qismi deyarli o‘zgarmagan, biroq fonarlari qoramtir tusga ega bo‘lgan.