
Tom’s Guide nashri xarid qilish tavsiya etiladigan eng yaxshi kamerafonlar ro‘yxatini e’lon qildi. Mutaxassislar texnik xususiyatlari va yuqori sifatli kamerasi bilan ajralib turadigan modellarga alohida urg‘u bergan. Reytingda iphone, turli narxdagi Android qurilmalari hamda yig‘ma dizayndagi smartfonlar o‘rin olgan.
Samsung Galaxy S25 Ultra

Ushbu model Samsung’ning eng kuchli flagmanlaridan biri sanaladi. Mutaxassislar bu modeldagi 50 megapikselli ultra keng kamera va yangi AI ProVisual Engine algoritmini asosiy afzallik sifatida ta’kidlashgan. Telefon suratlarni sun’iy intellekt asosida avtomatik tahrirlaydi. Yana bir katta ustunligi — bu modelda 200 megapikselli asosiy kamera bor. Tez ishlashi, zamonaviy dizayni va uzoq muddat yangilanishlar bilan ta’minlangani uni bozorda eng yaxshi tanlovga aylantiradi.
Google Pixel 9a

Budjetga mos variantlardan biri. U faqat ikkita kameraga ega: 48 va 13 megapikselli. Shunga qaramay, asosiy kamera kattaroq diafragma bilan ishlaydi va suratga olishda ko‘proq yorug‘likni ushlaydi. Telefon makro va astrofoto rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Pixel’ning asosiy kuchi — suratni avtomatik tarzda yaxshilab tahrirlovchi algoritmlaridir. Bu funksiyalar uni hatto ko‘plab qimmatroq modellardan ham ustun qiladi.
iPhone 16 Pro

Bu premium segmentdagi kuchli kamerafonlardan biri. Bu modelda ikkita 48 megapikselli va bitta 12 megapikselli kamera mavjud. Zo‘r zum imkoniyati, ayniqsa tungi rejimdagi yuqori sifatli suratlar bu modelni boshqa telefonlardan ajratib turadi. Kamerani boshqarish uchun alohida tugma bor, bu ham qulaylik, ham ba’zilar uchun odatlanmagan funksiya bo‘lishi mumkin. Lekin suratga olish bilan jiddiy shug‘ullanadiganlar uchun bu model juda mos keladi, hatto iPhone muxlisi bo‘lmaganlarga ham yoqishi mumkin.
Google Pixel 9 Pro

Ushbu modelda asosiy urg‘u hisoblashli fotografiyaga berilgan. Bu modelda yangi Tensor G4 protsessori ishlatiladi. Sun’iy intellekt asosidagi tahlil va suratlarni yaxshilash imkoniyatlari bu telefonni kuchli kamerafonlardan biriga aylantiradi. Unda yangi ultra keng obyektiv va kuchli makrofoto rejimi mavjud.
iPhone 16 nisbatan arzonroq model bo‘lsa-da, sifati yaxshi. Telefon kuchli chip, yorqin ekran va uzoq batareya ishlash muddati bilan ta’minlangan. Pro modellar darajasida bo‘lmasa-da, bu modelda ham yaxshi kamera bor. U keng burchakli yangi sensor va yangi makro rejim bilan to‘ldirilgan. Surat sifati jihatidan u iPhone 15 modeliga yaqin.
Samsung Galaxy S25

Usbu smartfon uch kameraga ega: 50, 12 va 10 megapikselli. Galaxy SI yordamida suratlarni tahrir qilish va avtomatik ishlov berish imkoniyatlari mavjud. Bu model narx va imkoniyatlar balansi bo‘yicha juda yaxshi tanlov hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan ishlatilgan telefonni sotishdan oldin nimalar qilish kerakligi haqida yozgan edi.