Firibgarlik va xizmatlar cheklovlari – deputatlar Markaziy bankdan javob talab qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga parlament so‘rovi yuborishga qaror qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar bermoqda.
So‘rov mavzusi bank tizimini isloh qilish va banklarni transformatsiya qilish ishlari bilan bog‘liq.
Prezidentning 2020-yildagi farmoniga asosan 2020–2025-yillar uchun bank tizimini isloh qilish strategiyasi qabul qilingan. Lekin tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, banklar faoliyatida davlat ulushi hali ham yuqori. Xususiy banklar esa hali belgilangan ko‘rsatkichlarga erisha olmagan.
Deputatlar bu holat tadbirkorlar va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirmayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, yangi banklar ko‘proq Toshkent va viloyat markazlarida joylashgani sababli qishloq joylarda xizmatlar yetarli darajada emas.
Bundan tashqari, fuqarolardan tushayotgan murojaatlar asosida bank kartalari orqali sodir etilayotgan firibgarliklarga qarshi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish zarurligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Markaziy bank 2024-yilda 52 ta moliya tashkilotiga 16,6 milliard so‘m jarima solgani haqida yozgan edi.