«Moskvich 8» sotuvi boshlandi — narxi 38 ming dollar

Rossiyada yangi «Moskvich 8» krossoverining rasmiy sotuvi boshlandi. Flagman model narxi 2,98 million rubldan (taxminan $38 ming) boshlanadi. Bu haqda «Rossiyskaya gazeta» nashri xabar berdi.




Mashina yetti o‘rindiqli bo‘lib, barcha versiyalarda old g‘ildirakdan tortuvchi uzatma, 174 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor va 7 pog‘onali robot uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Krossover o‘lchamlari — 4825 mm uzunlik, 1870 mm kenglik va 1758 mm balandlikdan iborat. G‘ildirak bazasi esa 2830 mm.







Modelning barcha versiyalarida xavfsizlik yostiqchalari, to‘liq LED faralar, 12,3 dyuymli multimedia ekrani, Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlovi, shuningdek, old va orqa o‘rindiqlar isitgichi mavjud.
Narxga qarab funksiyalar farq qiladi: Texno versiyasi 360 gradus atrofni ko‘rish, uchinchi qator uchun mustaqil konditsioner va elektr yukxona eshigi bilan jihozlangan. Eng yuqori Premium versiyasi esa panoramali tom, 12 dinamika, adaptiv kruiz-nazorat va avtomatik to‘xtash tizimlari bilan to‘ldirilgan.
Modellar narxlari quyidagicha:
- Biznes – $38 ming;
- Texno – $41 ming;
- Premium – $43 ming.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ushbu model qachondan sotuvga chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.
Unga koʻra, «Moskvich 8» ishlab chiqarilishi 2024-yil oktabrida boshlanishi, sotuv esa oʻsha yil oxiriga moʻljallangandi. Biroq keyinchalik bu muddat bir necha bor ortga surildi. 2025-yil qishida dilerlar model bahorda taqdim etilishi mumkinligini aytishgan. Ammo bu prognoz ham oʻz tasdigʻini topmadi.
«Moskvich 8» ilk bor 2024-yil aprel oyida jamoatchilikka namoyish etilgan. Korxona modelni sayohat va ish safarlari uchun moʻljallangan, yetti oʻrinli oilaviy krossover sifatida taqdim etgan.