
O‘zbekiston 2025-yilning yanvar – iyun oylarida 311 ming tonna meva eksport qildi. Eksport qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati $368,6 mlnni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatdan qariyb 43 foizga ko‘p, deb xabar bermoqda EastFruit.
Har yili mamlakatda 3,4 million tonna meva va 1,9 million tonna uzum yetishtiriladi. 2024-yilda meva, sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari umumiy qiymati $2,3 milliardga eksport qilingan. Shundan $1,5 milliardi aynan meva va sabzavotlarga to‘g‘ri kelgan.
Joriy yilning olti oyi davomida meva eksporti tarkibi quyidagicha bo‘ldi:
- 11% – gilos (42,1 ming tonna) umumiy qiymati $96,8 million;
- 3,6% – olma (13,3 ming tonna) umumiy qiymati $6,7 million;
- 3,9% – olxo‘ri (14,6 ming tonna) umumiy qiymati $10 million;
- 15% – o‘rik (54,1 ming tonna) umumiy qiymati $41 million.
2025-yilda 10 ta agro-logistika markazini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, shulardan 4 tasi Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida allaqachon ishga tushirilgan.
Bundan tashqari, olti oy davomida O‘zbekistonning umumiy eksport hajmi $16,9 milliardni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga oshdi. Shu bilan birga, tovar va xizmatlar eksporti (oltindan tashqari) $10,4 milliardga yetib, yillik hisobda 23 foizga oshgan.
Eksport o‘sishiga asosan meva va sabzavotlar (40 foizga o‘sish), zargarlik buyumlari (4,6 barobar), uran (23 foiz), qurilish materiallari (17 foiz), un (42 foiz), farmatsevtika mahsulotlari (20 foiz), turizm (54 foiz), axborot (93 foiz) va transport xizmatlari (22 foiz) sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq O‘zbekistonning mashhur qovun navlari Shvetsiya bozorida sotilayotgani haqida yozgandik.