O‘zbekiston va Shveysariya JST bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi

21-iyul kuni Jenevada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Shveysariya bilan bozorlarga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Tomonlar bu haqda rasmiy protokol imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.



Shu tariqa O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi yo‘lida yana bir davlat bilan kelishuvga erishdi. Ayni paytda faqat bir necha davlatlar bilan muzokaralar yakuniga yetmagan.
Urunovning yozishicha, o‘zbekistonlik va shveysariyalik mutaxassislarning mashaqqatli va konstruktiv muzokaralari natija bergan. Bu kelishuv O‘zbekistonning global savdo maydonida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning JSTga a’zolik harakatlari
Iyun oyida O‘zbekiston JSTga a’zolik yo‘lidagi jarayonda Xitoy bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabar berilgandi.
May oyida esa Azizbek Urunov Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan 24-davlat bo‘lgani haqida yozgandi.
Shuningdek, mart oyida Oʻzbekiston va Rossiya JSTga a’zo boʻlish masalasida muzokaralar oʻtkazgandi.
Fevral oyida Urunov Oʻzbekistonning tashkilotga a’zo boʻlishini 16 ta mamlakat aniq va qat’iy qoʻllab-quvvatlaganini aytgandi.
«Biz JSTning 16 a’zosi tomonidan yakdil qoʻllab-quvvatlanganimizdan juda mamnun boʻldik, ular JSTning barcha jalb qilingan a’zolarini jarayonni yakunlashga va Oʻzbekistonni MC14 davomida yangi a’zo sifatida kutib olishga chaqirdi», – deb yozgan u.