O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 16,1 foizga oshdi

2025-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $37 milliardni tashkil etdi. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan.
Respublikaning asosiy savdo hamkorlari sifatida Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda. Xitoy bilan savdo hajmi $6,5 milliarddan oshgan bo‘lsa, Rossiya bilan $6 milliard, Qozog‘iston bilan esa $2,2 milliardni tashkil etdi.
Mamlakatning eksport hajmi $16,8 milliardni, import hajmi esa $20,1 milliardni tashkil qilgan. Bunda O‘zbekiston mahsulotlarini asosan Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston xarid qilmoqda. Shu bilan birga, aynan ushbu davlatlar O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini faol yetkazib bermoqda.
Bundan tashqari, birinchi yarim yillikda mamlakat $6,6 milliardlik oltin eksport qildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 57,2 foizga oshgan. Sanoat mahsulotlari eksporti $1,8 milliard, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti esa $1,2 milliardni tashkil etdi.
Import tarkibida esa eng ko‘p kimyoviy moddalarga – $2,6 milliard, sanoat tovarlariga – $3,2 milliard, mashina va transport uskunalariga esa $6,6 milliard sarflangan.
Avvalroq 2025-yilning birinchi choragida O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo aylanmasi qariyb 1,5 mlrd dollarga yetgani haqida yozgandik.