Ozdiruvchi kuchli kofelarning savdosiga chek qo‘yildi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy ozdiruvchi dori vositalari aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
1985-yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda bojxona hujjatlari bo‘lmagan 90 mingdan ortiq «Keto coffee», «Slim green coffee», «Reduksin light» kabi ozdiruvchi mahsulotlar topildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu mahsulotlar tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi «sibutramin» moddasining mavjudligi aniqlangan. Bu modda O‘zbekistonda muomalasi cheklangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davomida mahsulotlarning kelib chiqish manbai o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan 22 kg.dan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilingan edi.