Pepsi yangi tarkibdagi Cola’ni sotuvga chiqaradi

eʼlon qilindi
2026-yil boshidan chakana do‘konlarda sotuvga chiqadi
Foto:b llcv / depositphotos.com

PepsiCo kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti Pepsi Prebiotic Cola ichimligini rasman taqdim etdi. Bu so‘nggi 20 yil ichida an’anaviy kola segmentidagi eng muhim yangilik sifatida baholanmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Yangi ichimlik klassik Pepsi ta’miga ega bo‘lib, sog‘lom turmush tarzini tanlagan iste’molchilar uchun mo‘ljallangan. Unda atigi 5 gramm shakar, 30 kaloriya va sun’iy shirin qiladigan vositalar yo‘q. Asosiysi tarkibida 3 gramm prebiotik tola bo‘lib, bu ichak faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi foydali komponent hisoblanadi.

Foto: PepsiCo

PepsiCo vakillarining ta’kidlashicha, bu mahsulot zamonaviy iste’molchilarning sog‘lomlik, funksionallik va mazali ichimliklarga bo‘lgan talablariga javob beradi. Original Cola va Cherry Vanilla (gilos-vanil) kabi ta’mlarda taqdim etilayotgan yangi kola kuzda onlayn savdoda, 2026-yil boshidan esa chakana do‘konlarda sotuvga chiqadi.

Shuningdek, PepsiCo AQSh ichimliklar bo‘yicha bosh direktori Ram Krishnan bu yangilikni kompaniyaning «klassik ta’mni saqlagan holda foydali tarkibni taklif etish» strategiyasi doirasidagi muhim qadam sifatida baholadi.

Shu bilan birga, Pepsi Prebiotic Cola 355 ml bo‘lgan bankalarda yoki 8 donalik qadoqlarda sotiladi va klassik gazli ichimliklar bo‘limida joy oladi. Mazkur ichimlik kompaniya yaqinda xarid qilgan mashhur Poppi brendi bilan birgalikda PepsiCo’ning sog‘lom ichimliklar portfelini to‘ldiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan PepsiCo kompaniyasi AQShda eng ko‘p sotiladigan Lay’s va Tostitos mahsulotlarini qayta brendlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek