Rossiyada rus tilini bilmagan migrantlarga haydovchi va shifokorlik qilish taqiqlanishi mumkin

Rossiyada rus tilini bilmagan migrantlarga haydovchi va shifokor bo‘lish taqiqlanadi. Bu haqda Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Andrey Pudov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
Unga ko‘ra, haydovchi, sotuvchi va tibbiyot xodimi lavozimlariga jalb etiladigan migrantlar rus tili va Rossiya tarixidan imtihon topshirish majburiyatidan ozod etilmasligi belgilandi.
Bundan oldin Davlat dumasi deputatlari umumiy majlisda hukumat kvotasi asosida Rossiyada ishlayotgan migrantlarni rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha test topshirish talabidan ozod etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Duma spikeri Vyacheslav Volodin esa Ichki ishlar vazirligiga Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining hukumat kvotasi asosida Rossiyaga taklif etiladigan kasblar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
«Nega siz til bilmasligi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxatini taklif qilyapsiz? Masalan, haydovchi, sotuvchi – ular odamlar bilan muloqot qiladi, til bilishi, qonunlarni bilishi shart», deydi Volodin.
Pudovning tushuntirishicha, Mehnat vazirligi ikki buyruq tayyorlagan. Ulardan birinchisi tibbiyot xodimlarini hukumat kvotasiz, maxsus ruxsat bilan Rossiyaga kelib ishlashi mumkin bo‘lgan chet ellik mutaxassislar ro‘yxatidan chiqaradi.
Ya’ni vazirlik maxsus malakali chet ellik mutaxassislar uchun alohida ruxsat (kvotasiz) bilan ishlash imkonini beradigan rasmiy ro‘yxat yuritadi. Avval bu ro‘yxatda tibbiyot xodimlari ham bor edi va ular hukumat tomonidan ajratilgan cheklangan ish kvotasiga kirmasdan turib ham Rossiyada ishlashga ruxsat olishi mumkin edi.
Yangi buyruqqa ko‘ra, tibbiyot xodimlari bu imtiyozli ro‘yxatdan chiqariladi. Endi ular oddiy tartibda kvota asosida ish vizasi olishi va qo‘shimcha talablarni bajarishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Mehnat vazirligi buyruqlariga o‘zgartirishlar kiritilib, kvotali ish o‘rinlariga qanday ariza shakllantirish tartibi belgilanadi. Endi kvotaga fuqarolar bilan ijtimoiy muloqot va bevosita aloqa talab etiladigan kasblar bo‘yicha ish beruvchilarning arizalari kiritilmaydi. Masalan, bular avtomobil haydovchisi, nooziq-ovqat mahsulotlari sotuvchisi, tibbiyot xodimlari kabi kasblar, deya aniqlik kiritgan Pudov.
Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari Rossiya chegarasida diniy kontent sabab mamlakatga kiritilmayotgani haqida yozgandik.