Telegram’da Pavel Durovga xabar yozish imkoniyati yaratildi — faqat firibgarlar haqida

eʼlon qilindi
Firibgarlik holatlari haqida xabar qilish uchun
Telegram’da Pavel Durovga xabar yozish imkoniyati yaratildi. Foto: KLYONA/Depositphotos

Telegram asoschisi Pavel Durov platformada shantaj va raqamli firibgarlik holatlari ortib borayotganini tan oldi hamda foydalanuvchilarni bunday holatlar haqida xabar berishga chaqirdi.

Uning yozishicha, noyob raqamli sovg‘alar, virtual raqamlar va shaxsiy havolalar narxi so‘nggi paytlarda keskin ko‘paygan. Ayrim hollarda ularning qiymati $100 mingdan oshgan.

Biroq, bu raqamli aktivlarga bo‘lgan talab firibgarlar uchun ham yangi maydonga aylangan. Ayrim jinoyatchilar foydalanuvchilardan noyob sovg‘alarni majburan tortib olishga, boshqalar esa shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib pul undirishga harakat qilmoqda. Durov bunday holatlarni noqonuniy va axloqsizlik deb atadi.

U jabrlanganlarga ikki yo‘lni taklif qildi: istaganlar to‘lov evaziga bevosita uning kanaliga yozishi mumkin (bir xabar narxi 5 ming yulduz — taxminan 1,16 mln so‘m) yoki bepul muqobil sifatida @notoscam manziliga #blackmail heshtegi bilan murojaat qilish mumkin.

Durovning aytishicha, pullik yozish imkoniyatini o‘chirib qo‘yish imkonsiz, chunki bu holda minglab xabarlar bir vaqtning o‘zida keladi va ularga javob berish amri mahol bo‘ladi.

Telegram’da kiruvchi pullik xabarlar funksiyasi Premium foydalanuvchilar uchun mart oyida joriy qilingan bo‘lib, ular xohlagan foydalanuvchidan keladigan xabarga 1 dan 10 ming yulduzgacha to‘lov belgilashi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «TGhamyon» MChJ kripto-depozitariy faoliyati uchun litsenziya olgani haqida yozgandi.

Shuningdek