Toshkentda 123 marta qidiruvga berilgan Captiva qo‘lga olindi

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida Yo‘l patrul xizmati (YPX) xodimlari tomonidan qoidabuzarliklar asosida qidiruvga berilgan Chevrolet Captiva rusumli avtomobil qo‘lga olindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu avtomobil jami 129 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlangan. Shuningdek, Majburiy ijro byurosi tomonidan 123 marta qidiruvga berilgan.
YHXX bergan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchining to‘lanmagan jarimalari summasi 54 million so‘mdan oshgan. Ayni paytda avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yo‘l qoidabuzarligi uchun jarimalar bir oyda kelmasa bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.
Shuningdek, avtomobil kapotini akvariumga aylantirgan fuqaro jarimaga tortilgandi.