Toshkentda elektrdan foydalanish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi

O‘zbekistonda shu yilning 16 – 21-iyul kunlari kuzatilgan anomal issiq ob-havo davrida elektr energiyasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ilk bor yozgi elektr energiyasi iste’moli qishki maksimal ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi.
Jumladan, 18-iyul kuni mamlakat bo‘yicha umumiy kunlik iste’mol hajmi 272,6 million kVt-soatni tashkil etib, ilgari qayd etilgan qishki maksimum (271,8 mln kVt-soat) va 2024-yilgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt-soat) oshdi.
Shuningdek, 21-iyul kuni soat 17:00 da tizimdagi maksimal quvvat yuklamasi 13,3 Gvtga yetib, bu ham qishki rekord (12,5 Gvt) va 2024-yil yozidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 Gvt) yuqoriligini anglatadi.
Eng katta o‘sish Toshkentda qayd etildi:
- Sutkalik iste’mol — 32,4 mln kVt-soat (2024-yilda – 30,5 mln kVt-soat);
- Maksimal yuklama — 1811 MVt soat 14:52 da (2024-yilda – 1680 MVt);
- Iste’mol darajasi 2024-yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori, oy boshidan beri esa o‘sish 11 foizni tashkil qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilda 622 mlrd so‘mlik energiya resurslari noqonuniy ishlatilgani aniqlangani haqida yozgandi.