Toshkentdagi svetoforlar holatini xaritada real ko‘rish imkoniyati yaratildi

eʼlon qilindi
Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda
Svetofor
Foto: Kursiv Uzbekistan

Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatiga qo‘shimcha ravishda svetofor chiroqlarini real vaqtda xaritada ko‘rish imkoniyatini qo‘shdi. Bu haqda «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

Ilk bosqich Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Amir Temur shohko‘chasi, Tiklanish va Gulyor ko‘chalari kesishmasi kabi chorrahalarda Yandex Maps va Navigator foydalanuvchilari svetoforning aynan qaysi chirog‘i yonib turganini mobil qurilmalari orqali kuzatishlari mumkin.

Foto: Yandex Uzbekistan

Ushbu yangi yechim bilan haydovchilarga «yashil to‘lqin» orqali harakatlanish uchun optimal tezlik tavsiya qilinadi, tirbandliklar prognozi aniqroq bo‘ladi va taksining yetib kelish vaqti ham yanada ishonchli hisob-kitob qilinadi.

Shuningdek, teskari taymer funksiyasi ustida ham ish olib borilmoqda. Bu haydovchilarga harakatni qachon davom ettirish mumkinligini aniq ko‘rsatadi. Bu esa tajribasi kamroq haydovchilar uchun shahar harakatini soddalashtiradi hamda chorrahalardagi xavf-xatarlarni kamaytiradi.

Yangi texnologiya orqali endi xaritalar foydalanuvchining yo‘l vaqti prognozlarini svetoforlardagi real to‘xtash muddatlari asosida hisoblaydi. Bunda o‘rtacha emas, aynan haqiqiy vaqtlar inobatga olinadi. Bu esa nafaqat haydovchilarning yo‘l rejalashtirishini yengillashtiradi, balki yonilg‘i sarfini ham kamaytirishga xizmat qiladi.

Hozircha bu funksiya Yandex Maps, Navigator, Apple CarPlay va Android Auto tizimlarida ishlaydi. Keyinchalik Yandex Go taksi xizmati orqali ham svetofor ma’lumotlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Yandex Uzbekistan bu tizimni boshqa shaharlarga ham joriy etishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex haydovchilar va kuryerlar uchun avtomatik soliq toʻlovlarini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Shuningdek