Yangiliklar

Tramp o‘ziga qarshi ochilgan federal ishlarning 75 foizida yutqazdi

Yil boshidan buyon 500 dan ortiq federal sud da’vosi bilan yuzlashdi
Donald Tramp
Foto: thenews2.com / depositphotos.com

AQSh prezidenti Donald Tramp 2025-yil boshidan buyon 500 dan ortiq federal sud da’vosi bilan yuzlashdi. Bunda har bir ish kuniga to‘rttadan da’vo to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda The Washington Times nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, ushbu ishlarning yarmidan ko‘pida hukm chiqarilgan bo‘lib, 75 foizida sud Trampning pozitsiyasini rad etgan.

Sud qarorlarining asosiy qismini sobiq prezidentlar Obama va Bayden tomonidan tayinlangan sudyalar chiqargan bo‘lib, ularda Tramp yutqazish holatlari 80 foizdan oshgan. Hatto Reygan va Jorj Bush tayinlagan sudyalar ham Trampga qarshi hukm chiqargan.

Ba’zi eng muhim ishlar xorijiy talabalarni chiqarib yuborish, mahbuslar huquqlari, federal grantlar va agentlik islohotlariga oid bo‘lib, bu yo‘nalishlarda ham Tramp ko‘plab sud qarorlarida mag‘lub bo‘lgan.

Shu bilan birga, prezident yuqori instansiyalarda, xususan, Oliy sudda nisbatan yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. Yuridik tahlilchilarga ko‘ra, bu prezidentning keskin va an’anaviy bo‘lmagan siyosiy uslubi hamda sud hokimiyatining siyosatdan mustaqil harakati bilan izohlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Obama Tramp hukumatini tanqid qilgani va demokratlarni faollikka chaqirgani haqida yozgandi.