Olimlar saratonning barcha turlariga qarshi «universal» vaksinani ishlab chiqmoqda

Florida universiteti olimlari butunlay yangi yondashuv asosida yaratilgan mRNA asosidagi universal rak vaksinasini sinovdan o‘tkazdi. U har qanday o‘simtaga qarshi immunitetni faollashtirib, an’anaviy muolajalarga ehtiyojni kamaytirishi mumkin.
Loyihani boshqarayotgan onkolog Elias Sayour bu kashfiyotni kutilmagan va juda hayajonli natija deya ta’rifladi. Unga ko‘ra, vaksina hech qanday aniq o‘simta turiga qaratilmagan bo‘lsa-da, organizmda aynan rak hujayralariga nisbatan kuchli immun javob hosil qiladi.
Ushbu «universal» vaksina COVID-19 vaksinalariga o‘xshash texnologiyaga asoslangan bo‘lib, lipid nanozarrachalar yordamida tanaga yuboriladi. Farqli jihati shundaki, u virusga emas, balki rak hujayralarini fosh qiluvchi PD-L1 nomli protein ishlab chiqarishga undaydi. Bu esa o‘simtalarni immun hujayralari uchun «ko‘rinadigan» holga keltiradi.
Tadqiqot davomida olimlar sichqonlarda melanoma, miya, teri va suyak o‘simtalariga qarshi sinovlar o‘tkazdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yangi vaksinatsiya hatto davo berilmaydigan turdagi o‘simtalarni ham yo‘q qilishga qodir bo‘ldi.

Tadqiqot hammuallifi Duane Mitchell bu vaksina maxsus o‘simta turiga qaratilmagan bo‘lsa-da, kuchli immun reaksiya uyg‘otishini aytdi. Bu esa uni barcha bemorlar uchun universal yechimga aylantirishi mumkin.
mRNA texnologiyasi ilk bor 1993-yilda zich immun javob berish qobiliyatiga ega ekanligi aniqlangan, ammo uni tanaga yetkazib berish texnologiyasi, ayniqsa, lipid nanozarrachalar yordamida so‘nggi o‘n yillikda rivojlandi. COVID-19 pandemiyasi bu texnologiyani ommalashtirib, uni tibbiyotning boshqa yo‘nalishlariga ham tatbiq qilish imkonini berdi.
Tadqiqot natijalari Nature Biomedical Engineering jurnalida chop etildi. Hozircha vaksina klinikadan oldingi bosqichda bo‘lsa-da, olimlar uni insonlarga moslashtirish ustida ishlamoqda. Bu yondashuv agar muvaffaqiyatli bo‘lsa, rakka qarshi kurashda mutlaqo yangi davrni boshlab berishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zambiya vaboga qarshi keng qamrovli emlash kampaniyasini boshlagani haqida xabar bergan edi.