Bukiladigan smartfonlar orasida 2025-yilning eng yaxshilari ma’lum bo‘ldi

23-iyul 2025 15:56 eʼlon qilindi

(23-iyul 2025 22:52 yangilandi)
Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
2025-yilning eng yaxshi bukiluvchi smartfonlari. Foto: tom’s guide

Tom’s Guide nashri 2025-yilning eng yaxshi bukiladigan smartfonlari reytingini e’lon qildi. Baholashda kamera sifati, protsessor kuchi, batareya quvvati va umumiy funksionallik inobatga olingan.

Samsung Galaxy Z Flip 7

Samsung Galaxy Z Flip7
Samsung Galaxy Z Flip 7 / Foto: 4pda

Mazkur model reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Bunga uning kattaroq old displeyi, mustahkam korpusi va DeX funksiyasi sabab bo‘ldi. Yangi 4,1 dyuymli ekran chetidan chetigacha cho‘zilib, selfi va vlog olishni osonlashtiradi.

50 MP kamera turli sharoitda yaxshi suratga oladi, ayniqsa, kam yorug‘likda ham sifatli kadr beradi. Endi Flip 7’ni tashqi monitorga ulab, ish stoli rejimida ham ishlatish mumkin.

Galaxy Z Fold 7

Samsung Galaxy Z Fold 7
Samsung Galaxy Z Fold 7. Foto: Sammobile

Galaxy Z Fold 7 bukiluvchi telefonlar orasida eng yupqa korpusga ega modellardan biri bo‘lib, ko‘plab oddiy smartfonlardan ham ingichkaroq. Ushbu model reytingda ikkinchi o‘ringa chiqdi.

Asosiy 200 MP kamera yuqori sifatli portret va kam yorug‘likda ham tiniq suratlar olish imkonini beradi. Bu kamera sifati faqat Galaxy S25 Ultra bilan tenglashadi.

Model professional video rejimi, 40 MP ultrawide kamera bilan makro suratga olish va 8K video yozib olish imkoniyatini taklif etadi.

Z Fold 7 Snapdragon 8 Elite protsessori, yorqin displey va sun’iy intellekt funksiyalari bilan jihozlangan. Shu sababli u kuchli texnik imkoniyatlari va kuchli kamerasi bilan ajralib turadi.

Motorola Razr Ultra (2025)

Foto: Tom’s Guide / John Velasco

Motorola Razr Ultra 2025 yangi imkoniyatlari bilan eng yaxshi bukiluvchi telefonlar qatorida qolmoqda. Bu modelning umumiy dizayni avvalgidek, ammo titandan mustahkamlangan g‘ilof va yangi ranglar uni yanada sifatli qiladi. Tashqi ekran ham boshqa telefonlarga qaraganda ancha katta.

Shuningdek, kamera tizimi soddalashgan – 50 MP asosiy va 50 MP ultrawide kamera bor. Korpus kattalashmaganiga qaramay, unga 4 700 mAh sig‘imli katta batareya joylashtirilgan – bu uni eng uzoq ishlaydigan bukiluvchi telefonlardan biriga aylantiradi. Kuchli Snapdragon 8 Elite protsessori ham ishlash tezligini oshiradi.

Dasturiy ta’minot ham yaxshilangan – Moto AI imkoniyatlari birinchi kundanoq ishlaydi. Shu bilan birga, boshqa modellar bilan solishtirganda dasturiy qo‘llab-quvvatlash muddati atigi 3 yil bo‘lib, bu kamchilik sifatida ko‘rsatilmoqda.

OnePlus Open

OnePlus Open. Foto: Amazon

OnePlus Open – kompaniyaning birinchi bukiluvchi telefoni bo‘lsa-da, u ham yaxshi deb baholanmoqda. Unda yaxshi kamera, qulay multitasking tizimi va yupqa, yengil dizayn bor. Apex Edition modelida esa xotira kattalashgan, suratlardan stikerni ajratib olish va maxfiylik uchun VIP rejim qo‘shilgan. Ekran uchta ilovani bir vaqtda ochib ishlatishga moslashadi. Batareyasi uzoq ishlaydi, lekin simsiz quvvatlash yo‘q va kamera kam yorug‘likda unchalik kuchli emas.

Pixel 9 Pro Fold

Pixel 9 Pro Fold. Foto: Future

Pixel 9 Pro Fold – Google bukiluvchi telefonlari orasida katta qadam bo‘ldi. Uning asosiy 8 dyuymli displeyi juda katta va yorqin bo‘lgani uchun alohida e’tiborga loyiq. Ekran yorqinligi 2319 nitgacha yetadi, lekin shunga qaramay, batareyasi 11 soatdan ortiq ishlaydi. Telefon mustahkam, batareyasi uzoqqa yetadi va SI funksiyalari yaxshi ishlaydi. Kamchiliklari orasida Tensor G4 protsessorining o‘rtacha ishlashi ko‘rsatilgan, ammo oddiy foydalanuvchi uchun bu bilinmaydi. Kamera sifati ham yaxshi baholanmoqda.

Nashr bukiluvchi smartfon tanlashda uning protsessor, kamera va ayniqsa, batareya quvvatiga e’tibor berish kerakligini ma’lum qilgan. Chunki ikki ekran birgalikda ko‘proq quvvat talab qiladi.

Bundan oldin surat sifati bo‘yicha eng yaxshi smartfonlar e’lon qilingandi.

Shuningdek