AQShga ko‘chirishi va’da qilingan afg‘onlar ortga qaytarilishi mumkin

Washington Post nashrining xabar berishicha, AQShdan boshpana olish umidida 250 mingdan ortiq afg‘on fuqarolari hozirda Afg‘oniston, Pokiston, Qatar va yana 90 ga yaqin boshqa davlatda yashamoqda. Ular orasida AQSh harbiylariga tarjimonlik qilgan, NATO bilan hamkorlikda ishlagan shaxslar bor.
AQSh kuchlariga yordam bergan minglab afg‘onlar hozirda og‘ir taqdir yoqasida. Donald Tramp ma’muriyati Afg‘oniston fuqarolarini ko‘chirish bilan shug‘ullangan Davlat departamenti bo‘limini qisqartirganidan so‘ng, ko‘plab afg‘onlar AQShga yetib bora olmasligi va Tolibon qo‘liga qaytarilishi xavfi ostida qolmoqda.
AQShga ko‘chirilishini kutayotganlar orasida eri AQSh kuchlari bilan birga jang qilgani uchun Tolibon tomonidan o‘ldirilgan ayol, NATO bilan ishlagach Qatarda bir yilga yaqin «mahbusdek» yashagan erkak va Pokistonda boshpana kutayotgan paytda o‘g‘lidan ayrilgan ona ham bor.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarida afg‘on muhojirlarini vatanga qaytarish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Ayrim hujjatlar Reuters tomonidan ham tasdiqlangan.
Trampning qayta prezidentlikka kelishi ortidan AQShning afg‘on qochqinlarini qabul qilish jarayoni to‘xtatildi. U ikki farmoni orqali rejalashtirilgan reyslar va moliyalashtirishni bekor qildi. Shuningdek, Davlat departamentining afg‘onlarni ko‘chirish bilan shug‘ullangan bo‘limi tugatildi.
BAAda qolayotgan afg‘onlardan biri shunday deydi:
«Meni Afg‘onistonga qaytarish – bu o‘lim jazosiga teng. Men AQShga borishni talab qilmayapman. Faqat meni qatl qiluvchilarga topshirmanglar».
Oq uyning rasmiy bayonotida esa Tramp ma’muriyati bu masalaga befarq emasligi ta’kidlangan. Tramp Truth Social tarmog‘ida BAAdagi afg‘onlarni qutqarishga harakat qilaman, deb yozgan.
Davlat departamenti maxsus immigratsiya vizalari berish davom etayotganini bildirgan. Hozirda haftasiga 900 ta ariza ko‘rib chiqilmoqda. May oyi holatiga ko‘ra, 167 mingdan ortiq afg‘on aynan shu dasturi orqali AQShga ko‘chirilish huquqiga ega.
Biroq 2026-yil uchun federal budjet loyihasida bu dastur bilan bog‘liq aksariyat ish o‘rinlari qisqartirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa 1-oktabrdan dastur faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan DXX raisi Afg‘oniston mudofaa vaziri bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.