Chevrolet Malibu avtomobilining tarixi qanday

23-iyul 2025 17:55 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Malibu
Foto: KAM

Chevrolet Malibu — bu o‘rta o‘lchamli oilaviy avtomobil bo‘lib, Chevrolet tomonidan ishlab chiqarilgan. U ilk bor 1964-yilda taqdim etilgan. Dastlab, u Chevelle modelining eng yuqori komplektatsiyasi sifatida chiqarilgan. 1978-yildan boshlab esa Malibu mustaqil modelga aylangan. Ushbu maqolada Chevrolet Malibu avtomobilining tarixi haqida so‘z yuritiladi.

Ushbu maqola orqali Chevrolet Malibu avtomobilining avlodlari haqida bilib olasiz:

Birinchi avlod

Ikkinchi avlod

Uchinchi avlod

To‘rtinchi avlod

Beshinchi avlod

Oltinchi avlod

Yettinchi avlod

Sakkizinchi avlod

To‘qqizinchi avlod (2016–2025)

Chevrolet Malibu O‘zbekistonda

Birinchi avlod (1964–1967)

Birinchi Malibu 1964-yilda «Chevelle Malibu» nomi bilan taqdim etilgan. U GM’ning A-body platformasida yaratilgan. Dvigateli oldinda, orqa g‘ildiraklar esa yetakchi edi.

Foto: Chevrolet Chevelle Malibu 1966 / Foto: Old Cars Weekly

Avtomobil bir nechta kuzov turlarida chiqarilgan: 4 eshikli sedan, 2 eshikli hardtop, kabriolet va universal. Saloni o‘z vaqtiga nisbatan hashamatli hisoblangan. Matoli va vinilli o‘rindiqlar, qalin gilamlar, bezakli rul va panellar mavjud edi.

Motor variantlari turlicha edi. 6 silindrli I6 va V8 dvigatellar taklif etilgan. Eng kuchli dvigatel — 5,4 litrli V8 bo‘lib, u 300 ot kuchi ishlab chiqarardi. Sport variant — Malibu SS faqat kupe va kabriolet kuzovlarida taqdim etilgan. U sport o‘rindiqlar, markaziy konsol, slip differensial va maxsus g‘ildirak qopqoqlari bilan ajralib turardi.

1965-yildan boshlab 6,5 litrli «Big Block» V8 motor ham qo‘shilgan. O‘sha yili yangi radiator panjarasi va orqa chiroqlar bilan dizayn yangilangan. 1966-yilda SS396 nomli alohida model chiqdi. Bu modelda 396 kub dyuymli V8 motor, mustahkamlangan osma va sport uskunalari bor edi.

1967-yildan diskli tormozlar ixtiyoriy tarzda taklif etila boshlandi. Shuningdek, 8-trekli stereo magnitofon ham opsiyalar qatoriga qo‘shildi. Bu avlod xavfsizlik va qulaylikka urg‘u bergan edi. 1960-yillar oxirida xavfsizlik kamari standart bo‘lib qabul qilindi.

Ikkinchi avlod (1968–1972)

Ikkinchi avlod Malibu 1968-yilda taqdim etildi. Bu model ham Chevelle qatori doirasida chiqarilgan. Dizayni to‘liq yangilangan, lekin platformasi A-body bo‘lib qolgan. G‘ildirak bazasi kuzov turiga qarab farq qilgan. Kupe modellar 112 dyuym, sedan va vagonlar esa 116 dyuym bazaga ega edi.

Chevrolet Chevelle Malibu 1973 / Foto: Reddit

Kuzov shakli yarim fastbek uslubida chizilgan. Kapoti uzaytirilgan, orqa qismi qisqargan. Ichki qismi ham o‘zgargan — panelga sport mashinalar uslubidagi dumaloq o‘lchagichlar o‘rnatilgan.

Yangi «Concours» nomli lyuks komplektatsiya paydo bo‘lgan. Bu paketda yumshoq matoli yoki vinilli o‘rindiqlar, gilamli eshik pastki qismi, yog‘ochsimon bezaklar, markaziy konsol va poldan boshqariluvchi uzatma joylashgan.

Bu avlod dizayni, saloni va opsiyalari bilan yanada hashamatli va sport uslubida chiqdi. Model oraliq o‘lchamli, lekin qulaylik va kuch jihatdan ancha kuchli bo‘lgan.

Uchinchi avlod (1973–1977)

Uchinchi avlod Malibu 1973-yilda Chevelle modelining navbatdagi yangilanishi sifatida taqdim etildi. Bu avlodda kuzov strukturasida «Colonnade» deb ataluvchi yangi uslub joriy qilindi. Yangi kuzovlarda oldingi kabi oynalari romsiz eshiklar emas, balki markaziy ustunli mustahkam ramka bo‘ldi. Bu uslub xavfsizlikni oshirish uchun kiritilgan.

Chevelle Malibu 1975 / Foto: Classic Auto mail

G‘ildirak bazasi oldingi avloddagidek saqlanib qolgan. 2 eshikli modellar 112 dyuym, 4 eshikli sedan va universal kuzovlar esa 116 dyuym bazaga ega edi. Biroq avtomobilning umumiy o‘lchamlari oshgan: u uzunroq, kengroq va og‘irroq bo‘ldi.

Yangi modelda 5 mil/soat zarbaga bardoshli bamperlar o‘rnatildi. Shuningdek, eshik ichki qismiga yon zarbaga qarshi balandliklar kiritildi. Bu davrdan boshlab Malibu xavfsizroq bo‘la boshladi.

Dastlab Malibu va Malibu SS o‘rta darajadagi komplektatsiya edi. Lekin 1974-yildan Malibu eng oddiy, baza modeli sifatida belgilandi. «Deluxe» nomli eski baza trim yo‘q qilindi. «Malibu Classic» nomli hashamatliroq versiya ham aynan 1974-yilda chiqarila boshlandi. Bu versiyada vertikal joylashgan to‘rtburchak juft faralar, kichik yon oynachalar (opera windows) va yaxshi jihozlangan salon mavjud edi.

1973–1977-yillar oralig‘ida Malibu’lar turli dvigatellarda taklif qilindi. Eng oddiy 4,1 litrli 6 silindrli dvigateldan tortib, 7,4 litrli V8 gacha variantlar mavjud edi. Biroq bu davrda ekologik talablar kuchaygani sababli dvigatellar quvvati pasaytirildi. Benzinning sifati pasayganligi sababli motorlar kamroq ot kuchi bera boshladi.

1975-yildan boshlab General Motors avtomobillarida katalitik neytrallagichlar standartga aylandi. Bu sababli 7,4 litrli katta blokli motor taklifdan chiqarildi. Endi eng katta motor 6,6 litrli kichik blokli V8 bo‘lib qoldi.

Chevelle Malibu 1975 / Foto: Pinterest

1976–1977-yillarda Malibu Classic modeli o‘ziga xos to‘r shaklidagi radiator panjarasi, to‘rtburchak chiroqlar va ikki rangli o‘rindiqlar bilan ajralib turardi. Ichki bezaklarda mato va vinil kombinatsiyasi ishlatilgan edi.

1977-yil Chevelle nomi ostida Malibu chiqarilgan so‘nggi yil bo‘ldi. Keyingi avlodda «Chevelle» nomi butunlay yo‘qoldi. Malibu esa mustaqil modelga aylantirildi. 1975-yilda egzoz tizimi, xavfsizlik kamarlarining takomillashuvi va rul boshqaruviga kuchaytirgich qo‘shilishi kabi texnologik yangiliklar ham joriy qilindi.

To‘rtinchi avlod (1978–1983)

To‘rtinchi avlod Malibu 1978-yilda taqdim etildi. Endi Malibu alohida modelga aylangan edi — «Chevelle» nomi butunlay bekor qilindi. Bu avlodda Chevrolet avtomobilni «downsizing» qilgan, ya’ni avvalgisiga qaraganda kichikroq va yengilroq qildi.

Chevrolet Malibu 1978 / Foto: Classic Auto Mail

Yangi Malibu GM’ning A/G-body platformasida ishlab chiqildi. U avvalgi modelga qaraganda taxminan 30 sm qisqaroq bo‘ldi. Og‘irligi ham 225–450 kg ga kamaytirildi. Bu benzin tejamkorligi va manevrlikni yaxshilashga xizmat qilgan.

To‘rtinchi avlodda kuzov turlari ko‘p edi: 2 eshikli kupe, 4 eshikli sedan va 5 eshikli universal (station wagon) modellar mavjud edi. Dizayni burchakli va kvadrat shaklli bo‘lib, umumiy ko‘rinish ixchamlashtirilgan.

Shunga qaramay, salonda orqa o‘rindiqlar uchun oyoq va bosh uchun joy kamaymadi. Hatto ba’zi joylari yaxshilandi. Bu kuzovning samarali loyihalashtirilgani natijasida yuzaga kelgan.

Bu avlodda Chevrolet ilk marta V6 motorlardan foydalana boshladi. Standart dvigatel 3,3 litrli 90° V6 edi. Shuningdek, 3,8 litrli V6 va 5,0 litrli V8 (305 kub dyuym) dvigatellar ham mavjud edi. Bu V8 dvigatel avvalgilardan ancha sustroq — taxminan 140–145 ot kuchi ishlab chiqarardi.

Transmissiya sifatida 3 yoki 4 pog‘onali mexanik, hamda 3 pog‘onali avtomatik uzatmalar mavjud bo‘ldi. Sport uslubidagi Malibu SS paketi bu avlodda mavjud emas edi. Faqat El Camino modeli uchun SS paketi bo‘lgan.

Biroq 1980-yilda Shimoliy va Janubiy Karolina shtatlaridagi dilerlar cheklangan miqdorda «Malibu M80» nomli maxsus versiyani chiqarishdi. U atigi 1900 dona ishlab chiqarilgan. M80 F41 sport osma, 5,0 litrli V8 motor, maxsus ikki rangli bo‘yoq va aerodinamik spoilerlarga ega edi.

Chevrolet Malibu 1978 / Foto: Classic Auto Mail

Mazkur avlod Malibu politsiya xizmati uchun ham ishlatilgan. 1979-yildan boshlab Chevy Nova o‘rniga Malibu bazasida 9C1 maxsus politsiya versiyasi ishlab chiqarilgan.

1982-yilda Malibu biroz yangilanib, old chiroqlari to‘rtburchak shaklga o‘tkazildi. Bu ko‘rinish Chevrolet Caprice modeliga hamohang edi.

1983-yil ushbu avlod Malibu uchun so‘nggi yil bo‘ldi. Shundan keyin Malibu ishlab chiqarilishi 14 yilga to‘xtatildi. Chevrolet bu segmentni yangi old tortishli model — Celebrity bilan almashtirdi.

To‘rtinchi avlod Malibu yengil, ixcham, ammo funksional edi. Uning rul boshqaruvi yaxshilangan, iqlim nazorati tizimi kengroq tarqalgan edi. Ammo 1983-yildan keyin Malibu nomi uzoq vaqt avtomobil bozoridan yo‘qoladi.

Beshinchi avlod (1997–2003)

Chevrolet Malibu beshinchi avlodi bilan 1997-yilda yana ishlab chiqarishga qaytdi. Bu model 14 yillik tanaffusdan so‘ng butunlay yangi ko‘rinishda taqdim etildi. Avvalgi orqa tortish sxemasi o‘rniga endi old g‘ildirakdan tortuvchi (FF) tizimga o‘tilgan edi.

Chevrolet Malibu 1997 / Foto: Car and drivers

Yangi Malibu GM’ning N-platformasiga asoslangan. Faqat 4 eshikli sedan tarzida ishlab chiqarilgan. Oldingi avlodlardagi kabi kupe yoki kabriolet variantlari bu safar taklif etilmadi. Model asosan oila va kundalik haydovchilar uchun mo‘ljallangan.

Dastlab avtomobil 2 xil dvigatel bilan chiqarilgan: biri 2,4 litrli 4 silindrli (150 ot kuchi), ikkinchisi esa 3,1 litrli V6 (155 ot kuchi) motor edi. Har ikkisi ham 4 pog‘onali avtomat uzatma bilan birga ishlagan. Mexanik uzatma umuman taklif qilinmagan.

2000-yilda modelda kichik o‘zgarishlar bo‘ldi. Old panjaradagi «Malibu» yozuvi olib tashlanib, uning o‘rniga Chevrolet logotipi – ko‘k galstukcha belgisi o‘rnatildi. Shu yili 3,1 litrli V6 motorining quvvati ham biroz oshirilib, 170 ot kuchiga yetkazildi.

2001-yildan boshlab 2,4 litrli motor ishlab chiqarishdan chiqarildi. Endi Malibu faqat V6 motor bilan jihozlana boshladi. 2004-yilda oltinchi avlod Malibu ishlab chiqarila boshlandi. Ammo beshinchi avlod hali to‘liq yo‘qolmadi.

Chevrolet Malibu 2002 / Foto: edmunds

Eski platformadagi model «Malibu Classic» nomi bilan 2005-yilgacha ishlab chiqarishda davom etdi. Bu versiyada yangi 2,2 litrli Ecotec 4 silindrli dvigatel qo‘llanilgan, u 140 ot kuchi atrofida quvvatga ega edi.

Ushbu avloddagi Malibu o‘z vaqtida zamonaviy funksiyalarga ega avtomobil hisoblangan. Haydovchi va old yo‘lovchi uchun havo yostiqchalari standart bo‘lgan. ABS tormoz tizimi, tortishga qarshi nazorat (traction control) esa qo‘shimcha opsiya sifatida taklif etilgan.

Ba’zi versiyalarda masofadan ishga tushirish (remote start) tizimi ham mavjud edi. Bu o‘sha davr uchun juda noyob va qulay texnologiya hisoblangan.

Oltinchi avlod (2004–2007)

Chevrolet Malibu 2006 / Foto: Kelley blue book

Chevrolet Malibu oltinchi avlodi 2004-yilda chiqarildi. U GM’ning global Epsilon I platformasida yaratilgan bo‘lib, Yevropadagi Opel va Vauxhall modellari bilan umumiy asosga ega edi. Bu avlodda ham old g‘ildirakdan tortish sxemasi (FF) saqlab qolingan. Yangi jihatlardan biri – sedan bilan bir qatorda Malibu Maxx nomli 5 eshikli hatchback ham ishlab chiqarildi. Bu model uzunroq kuzovga ega bo‘lib, yukxonasi va orqa o‘rindiqlar uchun ko‘proq joy ajratilgan edi. Maxx’dagi o‘rindiqlar 18 sm oldinga-orqaga siljiy olgan, bu esa ichki makonni moslashtirish imkonini bergan.

Asosiy dvigatel – 2,2 litrli Ecotec I4 (~144 ot kuchi). Yuqori komplektatsiyalarda esa 3,5 litrli V6 (~200 ot kuchi) taklif qilindi. Barcha versiyalarda 4 pog‘onali avtomat uzatma (4T45-E) ishlatilgan. 2006-yildan boshlab sport uslubidagi Malibu SS versiyasi taqdim etildi. U 3,9 litrli V6 dvigatel (240 ot kuchi) va qo‘lda boshqaruv imkoniyatli kuchaytirilgan avtomat qutiga ega edi. SS modeli sport bamperlar, 18 dyuymli disklar va F41 sport osma bilan ajralib turgan.

Chevrolet Malibu 2006 / Foto: Auto.ru

2006-yilda Malibu dizayni biroz yangilandi: faralar, panjara va salon materiallari o‘zgartirildi. Maxx versiyasi 2007-yilda ishlab chiqarishdan chiqarildi. Sedan esa qisqa muddat «Malibu Classic» nomi bilan 2008-yilgacha davom etdi.

Yettinchi avlod (2008–2012)

Chevrolet Malibu 2008 / Foto: Edmunds

Yettinchi avlod Malibu 2008-yilda taqdim etildi. U Epsilon platformasining uzaytirilgan versiyasiga asoslanib, g‘ildirak bazasi 112,3 dyuymgacha cho‘zilgan. Bu orqali ichki makon yanada kengaydi. Tashqi ko‘rinishi to‘liq qayta ishlanib, zamonaviy dizayn berildi: ikki qismli radiator panjarasi va keng orqa chiroqlar modelga jiddiy qiyofa berdi.

Asosiy dvigatellar: 2,4 litrli Ecotec I4 (~169 ot kuchi), 3,5 litrli V6 (~211 ot kuchi) va 3,6 litrli V6 (252 ot kuchi) bo‘lgan. Dastlab 4 pog‘onali avtomat uzatma ishlatilgan, keyinchalik 6 bosqichli avtomat joriy etilgan. 2008-yilda Malibu ilk bor gibrid versiyada ham ishlab chiqarila boshlandi. Unda 2,4 litrli benzinli dvigatelga 36 voltli elektromotor qo‘shilgan. Bu «mild-hybrid» tizim bo‘lib, to‘liq elektrda yurmasdi, ammo yoqilg‘i tejamkorligini oshirgan.

Chevrolet Malibu 2012 / Foto: Edmunds

Xavfsizlik borasida Malibu katta sakrash qildi: 6 ta airbag, StabiliTrak tizimi, ABS, TPMS, OnStar telematikasi va boshqa zamonaviy funksiyalar taqdim etildi. 2011-yildan boshlab USB va Bluetooth ulanishi, masofadan ishga tushirish, takomillashtirilgan OnStar tizimi kabi yangiliklar joriy qilindi. 2008-yilda Malibu «Yil Avtomobili» unvonini oldi.

Sakkizinchi avlod (2013–2015)

Sakkizinchi avlod 2012-yilda taqdim etildi (2013-model yili). U GM’ning global Epsilon II platformasida ishlab chiqildi. Bu avlod avvalgidan kichikroq edi: g‘ildirak bazasi 107,8 dyuym, uzunligi ~191,3 dyuym. Tashqi dizayn bo‘rtma faralar, silliq chiziqlar bilan avvalgi avlodga o‘xshash edi, ammo modern ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Chevrolet Malibu 2013 / Foto: Edmunds

2014-yilda restyling qilinib, bamper va panjara dizayni o‘zgartirildi. Orqa o‘rindiqlarda qulaylik oshirildi. Lane Departure Warning, yon yostiqchalar kabi xavfsizlik yangiliklari opsiya sifatida taklif qilindi. Start/Stop tizimi 2,5L dvigatellarda standartga aylandi.

2016-model yili uchun Malibu Limited nomi bilan faqat flot va ijaraga mo‘ljallangan variant ishlab chiqarilgan. Bu avlod global bozorlarda ham Chevrolet nomi ostida keng tarqaldi.

To‘qqizinchi avlod (2016–2025)

To‘qqizinchi avlod Malibu 2016-yilda taqdim etildi va hozirgacha ishlab chiqarilmoqda. U GM’ning yangi E2XX platformasiga asoslangan. G‘ildirak bazasi 111,4 dyuymga uzaytirildi. Shu orqali orqa o‘rindiqlardagi oyoq joyi kengaytirildi. Yangi platforma tufayli og‘irlik 136 kg ga kamaytirildi.

Chevrolet Malibu 2016 / Foto: Edmunds

Tashqi ko‘rinishi aerodinamik, zamonaviy. Old tomonda yirik radiator panjarasi va LED faralar, orqada esa ingichka chiroqlar o‘rnatilgan. Motorlar: 1,5L Turbo I4 (160 ot kuchi), 2,0L Turbo I4 (250 ot kuchi) va gibrid versiyada 1,8L benzin + elektro motor (Volt texnologiyasi, 46 mpg tejamkorlik).

Ichki makonda MyLink sensor ekran, OnStar 4G Wi-Fi, HD infotainment, wireless charging, ikki zonali iqlim nazorati kabi funksiyalar mavjud. Xavfsizlik uchun: ADAS tizimlari (to‘qnashuv ogohlantirish, lane keep assist, blind spot monitoring, orqadan transport ogohlantiruvchi tizim), Teen Driver rejimi, OnStar avariya holati xabarnomasi kabilar taqdim etilgan.

Chevrolet Malibu 2019 / Foto: Bloossom Chevrolet

2019-yilda restyling bo‘lib, RS versiyasi paydo bo‘ldi: qora panjara, ikki chiqishli egzoz, sport disklar. 2024-yil oxirida Malibu ishlab chiqarilishi to‘xtatilishi rejalashtirilgan. Gibrid versiya 2019-yildan chiqarilmayapti. Shunga qaramay, Malibu’ning 10 milliondan ortiq nusxasi ishlab chiqarilgan – bu modelning muvaffaqiyatini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda Chevrolet Malibu

Malibu O‘zbekistonda ilk bor 2012-yil iyul oyida sotuvga chiqarilgan – bu Chevrolet’ning global miqyosdagi yangi avlod Malibu’ni (sakkizinchi avlod, 2013-yil modeli) Amerika, Yevropa, Janubiy Koreya va Xitoydan keyin O‘zbekistonda ham taqdim etgani edi. Malibu nomi o‘sha paytgacha O‘zbekiston avtomobil bozorida bo‘lmagan va ilk bor joriy etildi. General Motors va UzAvtosanoat qo‘shma korxonasi – GM Uzbekistan zavodi – ushbu modelni mahalliy va qo‘shni bozorlarga mo‘ljallab mahalliy yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi.

Foto: Chevrolet.uz

2012–2013-yillarda ishlab chiqarila boshlagan birinchi Malibu modeli (8-avlod) O‘zbekistonda xalq orasida shunchaki «Malibu» nomi bilan tanildi (ba’zan norasmiy «Malibu 1» deb ham atashadi). Bu avtomobillar 2,4 litrli Ecotec to‘rt silindrli dvigatel bilan jihozlangan edi hamda LT va LTZ kabi komplektatsiyalarda, 17 yoki 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif qilindi. UzAuto Motors ma’lumotlariga ko‘ra, 8-avlod Malibu O‘zbekistonda 2013-yildan 2016-yilgacha mahalliy yig‘im orqali chiqarilgan.

Foto: Chevrolet.uz

Keyinchalik, Malibu’ning dunyoda navbatdagi 9-avlod modeli chiqqach, 2017-yildan 2019-yilgacha GM Uzbekistan ushbu yangi avlodni ham yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi. Mahalliy ishlab chiqarilgan 9-avlod Malibu avvalgisidan farqli ravishda turbomotorli bo‘lib, ayrim manbalarga ko‘ra 1,5 litrli Turbo I4 dvigatel hamda yuqori komplektatsiyada 2,0 litrli Turbo I4 dvigatel variantlarida taklif qilingan.

2019-yilda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tugatilib, zavod to‘liq davlat tasarrufiga o‘tishi jarayonida Malibu yig‘ish to‘xtatildi. 2020-yildan boshlab esa UzAuto Motors kompaniyasi Malibu avtomobillarini tayyor holda import qila boshladi. O‘zbekistonga keltirilayotgan Malibu’lar aslida Janubiy Koreya yoki Xitoydagi GM zavodlarida ishlab chiqarilgan – masalan, 2020-yildan keyin O‘zbekistonda sotilayotgan Malibu modeli dizayni Xitoy bozoridagi Malibu XL Redline versiyasiga mos keladi.

Foto: Chevrolet.uz

Malibu XL’da ba’zi kosmetik o‘zgarishlar ham joriy etilgan – masalan, tashqi ko‘zgular yonida qizil chiziqlar (Redline uslubi), qora «piano black» uslubidagi old panjara va qora logotiplar kabi elementlar mavjud.

Foto: Chevrolet.uz

Malibu avtomobillari O‘zbekiston bozorida ancha yuqori narx toifasida turadi. Masalan, Malibu 1 LT modelini 395 mln so‘mga xarid qilish mumkin. Yanvar-iyun oylarida 396 dona Malibu sotilgan.

Avvalroq Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilayotgani haqida yozgan edik.

Shuningdek