
O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Kobulda Afg‘oniston milliy mudofaa vaziri v.b. Muhammad Yoqub Mujohid bilan uchrashdi. Bu haqda Ariana News nashri ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, chegara hududlaridagi hamjihatlik va aloqa o‘rnatish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya Afg‘onistondagi xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikdan mamnunligini bildirdi. Mujohid esa O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan xalqaro maydondagi ijobiy pozitsiyasini yuqori baholab, o‘zaro munosabatlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Afg‘oniston Islom amirligini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘lgan edi.