Hindiston talabalarni O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohida o‘qimaslikka chaqirdi

eʼlon qilindi
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filialida
Foto: rajastills / depositphotos.com

Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (MTK) O‘zbekiston va Markaziy Amerikadagi ayrim tibbiyot universitetlarida tahsil olayotgan yoki o‘qishni rejalashtirayotgan talabalarni jiddiy ogohlantirdi. Bu haqda The New Indian Express nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Hindiston rasmiylari bu oliygohlarning tibbiy ta’lim sifati bo‘yicha mamlakat talablariga javob bermasligini ma’lum qilgan.

Ogohlantirishda Markaziy Amerikadagi uchta universitet: Belizdagi Markaziy Amerika sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, Kolumbiya Markaziy universiteti va Vashington sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, shuningdek, O‘zbekistonning Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali nomma-nom keltirilgan. Bu oliygohlar Hindiston fuqarolari uchun xavfli deb topilgan.

Rasmiy bayonot Hindistonning Meksikadagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligining Yevrosiyo bo‘limi tomonidan taqdim etilgan tahlil va xavotirlarga asoslanadi. Unga ko‘ra, mazkur muassasalarda talab darajasidagi klinik-amaliyot mashg‘ulotlari, zamonaviy infratuzilma va shaffof ta’lim tizimi mavjud emas. Ayrim holatlarda talabalar o‘qishni tark etmoqchi bo‘lganida, ularga psixologik bosim o‘tkazilgani va pul mablag‘lari qaytarilmagani haqida shikoyatlar tushgan.

MTK xorijda tibbiyot yo‘nalishida o‘qiyotgan hindistonlik talabalarga 2021-yildan beri amalda bo‘lgan Xorijiy tibbiyot bitiruvchisi litsenziyasi qoidalariga qat’iy rioya etishni eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, kursning davomiyligi, til muhiti, amaliy tayyorgarlik va o‘qitish dasturining muvofiqligi Hindistonda kelgusida tibbiyot sohasida ishlash uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Kursiv Uzbekistan bu holat bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat yo‘lladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri bakalavr va magistratura uchun davlat granti soni tasdiqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek