
Hyundai 2026-yilgi Kona krossoverini yangilab Avstraliya bozoriga taqdim etdi. Model endi turbo dvigatel va to‘liq uzatma bilan chiqarilmaydi. Bu haqda Drive nashri xabar berdi.
Kompaniya bu qarorni strategik soddalashtirish va xaridorlar ehtiyojiga moslashish bilan izohladi. Unga ko‘ra, 1,6 litrli turbo 4WD versiya sotuvlarning bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil etgan. Endilikda asosiy e’tibor 2,0 litrli atmosferali va 1,6 litrli gibrid motorlarga qaratiladi. Har ikkisi faqat old g‘ildirakdan tortuvchi tizim bilan taqdim etiladi.

Yangilangan Kona Elite komplektatsiyasi esa Premium va bazaviy versiyalar o‘rtasida yangi oraliq segmentni egalladi. Unda qora charm salon, isitiladigan o‘rindiqlar, elektr boshqaruv tizimi va multimedia mavjud.
Shu bilan birga, ushbu modelda endi 18 dyuym emas, 17 dyuymli g‘ildiraklar o‘rnatilgan. Premium toifasida esa avvallari pullik bo‘lgan panoramali tom endilikda standart sifatida taqdim etilmoqda. Bu toifa 2025-yilgi modeldan $2200 qimmatroq bo‘lib, yangi narx $41,7 mingni tashkil etadi.

Premium versiyada esa standartga aylangan oynavand tom narxni yana $2200ga oshirgan. Pastki toifadagi modellar esa endi 17 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlanadi.

Yil boshidan beri Hyundai Kona Avstraliyada eng ko‘p sotilgan kichik krossover bo‘lib qolmoqda. 2025-yilning birinchi yarmida ushbu model 11 241 dona sotilgan. Bu ko‘rsatkich bilan u hatto narx jihatidan ancha arzon bo‘lgan Xitoy brendlarini ham ortda qoldirgan. Yangi modellar avgust oyida mahalliy dilerlik salonlariga yetib boradi.
Hyundai kompaniyasi ekologik mezonlarga javoban turbo motorlardan voz kechib, gibridga o‘tishni ustuvor deb bilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangilangan Chevrolet Cruze qanday dizaynda taqdim etilgani haqida yozgandi.