Markaziy bank yil boshidan beri qo‘shimcha 5 trillion so‘m naqd pul chiqardi

2025-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda umumiy pul tushumlari 491 trillion so‘mni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 27 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank sharhida ma’lum qilindi.

Terminal to‘lovlarining ulushi oshmoqda
Pul tushumlarining tarkibida terminal orqali o‘tkazilgan to‘lovlarning salmog‘i ham oshib bormoqda. 2024-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 41 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yilda 43 foizga yetdi. Savdo va xizmatlar sohasida esa terminal to‘lovlarining ulushi 45 foizdan 48 foizgacha ko‘tarildi.
Naqd pul aylanmasida 23 foizlik o‘sish

Banklar orqali amalga oshirilgan naqd pul aylanmasi 2025-yilning yanvar – iyun oylarida 563 trillion so‘mni tashkil etdi (277 trln so‘m tushum va 286 trln so‘m berilgan naqd pullar). Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 23 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, banklarga tushgan naqd pullar tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.
Bank kartalari orqali mablag‘lar keskin ko‘paydi

Yarim yilda bank kartalariga tushgan mablag‘lar hajmi 676 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 baravar ko‘p. Shu bilan birga, kartalardagi 129 trillion so‘m naqdlashtirib olingan. Bu bank kartalari orqali kelib tushgan mablag‘larning 19 foizini tashkil etdi. Solishtirma raqamlar shuni ko‘rsatadiki, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 23 foiz, 2023-yilda esa 24 foiz bo‘lgan.
Naqd pul taqchilligini Markaziy bank qoplab bormoqda
Mavsumiy omillar ta’sirida naqd pulga bo‘lgan talab oshgani sababli, Markaziy bank zarur holatlarda muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarib bordi. 2025-yilning dastlabki yarmida 5,2 trillion so‘m qo‘shimcha naqd pul muomalaga chiqarildi.
Shuningdek, 1-iyul holatiga ko‘ra umumiy pul massasida naqd pullarning ulushi 18,9 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,2 foiz bandga kamayganini anglatadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda pul massasi yil boshidan beri 44 trln so‘mga ko‘paygani haqida yozgandi.