
OPPO kompaniyasi bugun rasmiy ravishda OPPO Reno14 va mashhur yaponcha anime «Haikyuu!!» o‘rtasidagi hamkorlikni e’lon qildi. Maxsus ko‘rinishdagi mahsulotlar 1-avgust kuni taqdim etiladi, ammo hozircha hamkorlik tafsilotlari to‘liq ochiqlanmadi.
Shiorlardan biri shunday yangradi:
«Eng yuqori nuqtadan ochiladigan manzara — yolg‘iz bo‘lsang, uni ko‘ra olmaysan. Ammo yolg‘iz bo‘lmasang — imkoniyating bor.»
Yangi hamkorlik doirasida OPPO yoz faslida «har bir yuqoriga sakrash lahzasini Live image texnologiyasi orqali» aks ettirishga chaqirmoqda. Kompaniya, shuningdek, 1–4-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan ChinaJoy 2025 ko‘rgazmasida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, OPPO bundan avval «The King’s Avatar» animesi bilan ham hamkorlik qilgan.
Ma’lumot uchun: «Haikyuu!!» — Haruichi Furudate tomonidan yaratilgan sport janridagi yapon mangasi bo‘lib, 2012-yildan 2020-yilgacha «Weekly Shonen Jump» jurnalida chop etilgan. 2024-yil oxiriga kelib, manga 70 milliondan ortiq nusxada sotilgan.
Uning asosida suratga olingan anime to‘rt faslga ega:
- 1-fasl: 2014-yil (25 qism)
- 2-fasl: 2015-yil (25 qism)
- 3-fasl: 2016-yil (10 qism)
- 4-fasl: 2020-yil (25 qism)
Yangi OPPO Reno14 x «Haikyuu!!» seriyasi muxlislar uchun yozning eng qiziqarli yangiliklaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oppo Reno 14 Pro xalqaro bozorga chiqqani haqida xabar bergan edi.
Oppo kompaniyasi tomonidan yangi Oppo Reno 14 Pro smartfoni xalqaro bozorda taqdim etildi. Bu haqda gizmochina xabar bermoqda. Dastlabki savdolar Tayvanda boshlangan.
Smartfon 6,83 dyuymli OLED LTPS ekran bilan jihozlangan. Uning aniqligi 2800×1272 piksel, yangilanish tezligi 120 Gts.
Ekran 1200 nitgacha yorqinlikka ega bo‘lib, 3840 Gts chastotali ShIIM texnologiyasi bilan ko‘zni kamroq charchatadi. Kristall himoya oynasi ostida barmoq izlari skaneri joylashgan.
Reno 14 Pro Android 15 operatsion tizimida ishlaydi va ColorOS 15 grafik qobig‘iga ega. U Oppo AI sun’iy intellekt funksiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Kamera bo‘limi juda kuchli: smartfonda uchta 50 MP sensor mavjud – asosiy kamera OIS optik barqarorlashtirishga ega, ikkinchisi keng burchakli, uchinchisi esa 3,5 karra optik zumli telefotokamera. Selfi uchun esa 50 MP kamera auto-fokus bilan jihozlangan.