O‘zbekiston pasportining xalqaro reytingdagi o‘rni olti pog‘ona yuqoriladi

Henley & Partners tomonidan e’lon qilingan 2025-yilgi pasport reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich mintaqa bo‘yicha o‘rtacha daraja bo‘lib, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga qaraganda pastroq, ammo Tojikiston va Turkmanistondan yuqoriroq.
Reytingda birinchi o‘rinda Singapur joy olib, ushbu davlat pasporti orqali 199 ta davlatdan 193 tasiga vizasiz kirish mumkin. Undan keyingi o‘rinlarni esa, Yaponiya va Janubiy Koreya egallagan. Ularning pasporti fuqarolarga 190 ta davlatga vizasiz kirishni ta’minlaydi.
Oʻzbekiston pasporti bilan esa fuqarolari 62 davlatga vizasiz kirishi mumkin. Mamlakat yaqinda Sloveniya bilan diplomatik pasport egalari o‘rtasida vizasiz tartib joriy etish bo‘yicha bitimga erishgandi. Bundan tashqari, Xitoy bilan ham o‘zaro vizasiz rejim joriy qilingan.
Henley & Partners reytingi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi ma’lumotlariga asoslangan holda 199 turli pasport va 227 ta sayohat yo‘nalishini qamrab oladi.
Reytingda Markaziy Osiyo davlatlarining deyarli barchasida o‘sish qayd etilgan. Qozog‘iston va Afg‘onistonning o‘rni esa o‘zgarmagan.
Davlat | Indeksdagi o‘rni | Vizasiz kiruvchi davlatlar soni |
---|---|---|
Qozog‘iston | 63 | 79 |
Qirg‘iziston | 73 | 63 |
O‘zbekiston | 74 | 62 |
Tojikiston | 80 | 56 |
Turkmaniston | 85 | 49 |
Afg‘oniston | 99 | 25 |
So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekiston pasporti ushbu reytinda ilk bor o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bundan oldin Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda kuchsizlar qatorida qayd etilgani haqida yozgandik. Unga ko‘ra, Oʻzbekiston 80-oʻrinni egallagandi.