Qozog‘istonning «Halyk Bank»i Click’ning 49 foiz ulushini sotib oldi

Qozog‘istonning «Halyk Bank»i O‘zbekistonning yetakchi to‘lov tizimi Click’ning 49 foiz ulushiga egalik qiladi. Bu bo‘yicha tomonlar strategik kelishuv imzoladi. Bu haqda London fond birjasida ma’lum qilindi.
Bitim doirasida «Halyk Bank» Click aksiyalarining 49 foizini $176,4 millionga sotib oldi. Shu bilan birga, Click aksiyadorlari «Halyk Bank»ning O‘zbekistondagi sho‘ba tashkiloti «Tenge Bank»dagi 49 foizlik ulushni $60,76 millionga xarid qildi.
Mazkur kelishuvga Qozog‘iston va O‘zbekiston moliyaviy regulyatorlari rozilik bildirgach, har ikki tomon o‘zining yuridik maqomini saqlagan holda yaqin hamkorlikni boshlaydi.
Bu bitim orqali «Halyk» guruhi O‘zbekistonda $1,5 milliardlik investitsiya portfelini mustahkamlab, ikki mamlakatda jami 32 milliondan ortiq mijoz bazasiga ega bo‘ladi. Bu esa Markaziy Osiyoning 58 million aholisi istiqomat qiluvchi ikki yirik bozoridagi yetakchilikni ta’minlaydi.
Click va Tenge Bank o‘z faoliyatini mustaqil yuritishda davom etadi. Amaldagi barcha shartnomalar o‘z kuchida qoladi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish uzluksiz davom ettiriladi.
«Halyk Bank»
«Halyk Bank» – Markaziy Osiyodagi eng yirik moliyaviy guruhlardan biri bo‘lib, $37,5 milliardlik aktivlarga ega. Bank chakana bank xizmatlari, sug‘urta, lizing, brokerlik, aktivlarni boshqarish va kundalik xizmatlarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli raqamli ekotizimni yaratgan. U Moody’s, S&P va Fitch kabi reyting agentliklaridan investitsiya darajasidagi reytinglarga ega.
Click
Click esa O‘zbekistonda 20 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan fintech yetakchi kompaniya bo‘lib, to‘lovlar, onlayn savdo, xizmat ko‘rsatish va davlat xizmatlarini o‘z ichiga olgan SuperIlova (SuperApp) modeli orqali tez o‘smoqda. Kompaniya o‘tgan yili daromadini 35,3 foizga, sof foydasini esa 37,5 foizga oshirishga erishgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan may oyida Click ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etilgani haqida yozgandi.