Termiz – Samarqand yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Surxondaryo viloyati Transport boshqarmasi tashabbusi bilan Termiz – Samarqand (Qarshi orqali) yo‘nalishi bo‘yicha muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.
Qatnovlar har kuni soat 06:40 da Termiz avtovokzalidan amalga oshiriladi. Yo‘nalishda harakatlanadigan avtobuslar barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan bo‘lib, sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Mazkur tashabbus jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, ichki turizm imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Bundan oldin Shahrisabzdan Kitobga qatnaydigan avtobuslar soni 20 taga ko‘paygani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, Qashqadaryoda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi «Humoyun» korxonasi tomonidan 20 dona AsiaStar rusumli avtobuslar olib kelindi. Ular «Shahrisabz avtovokzali – Kitob shifoxonasi» yo‘nalishida harakatlanadi.
Ma’lumot uchun, ushbu yo‘nalishning umumiy masofasi 15,7 km bo‘lib, avtobuslar kuniga 20 ming nafar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Shu yil yakunigacha viloyatga yana 66 ta yangi avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan.