Wildberries Markaziy Osiyoda xotin-qizlar uchun biznes imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo xalqaro iqtisodiy forumida Wildberries platformasidagi sotuvchilarning 50 foizdan oshig‘i ayollar ekanligi ma’lum qilindi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga xabar qildi.
Forumda Wildberriesva RWB (Wildberries & Russ) kompaniyalari rahbari Tatyana Kim elektron tijorat ayollar uchun yangi iqtisodiy gorizontlar ochayotganini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda Wildberries onlayn savdo platformasida sotuvchilarning 58 foizini ayollar tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 18 – 25 foiz atrofida.
«Bugun biznes boshlash uchun katta kapital emas, balki faqatgina internetga ulangan smartfon yetarli. Raqamli platformalar ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka jalb etishda kuchli vosita bo‘lib qolmoqda», deydi Kim.
2024-yilda Wildberries Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda memorandum imzolab, mahalliy ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘ydi. 2025-yilda esa kompaniya Qirg‘izistonda Women in Tech tashabbusiga hamkor sifatida qo‘shildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda so‘nggi olti yil ichida ayollar boshchiligidagi kichik va o‘rta biznes ulushi 34 foizdan 43 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa ayol tadbirkorlar soni 2018-yildagi 300 mingdan 2024-yilda 2,1 millionga yetdi.
«Biz ayollarni asosiy auditoriyamiz deb bilamiz. Xaridorlarimizning 70 foizini ham ayollar tashkil etadi. Shu bois ularga qulay sharoit yaratish nafaqat ijtimoiy mas’uliyat, balki kompaniyamiz rivoji uchun ham muhim yo‘nalishdir», dedi Tatyana Kim.
U ayollar tadbirkorligini mintaqadagi gender tengligi, moliyaviy mustaqillik va iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida baholadi.
Ma’lumot uchun, Wildberries 2025-yil aprel oyida Tojikiston bozoriga kirib, o‘z faoliyat mintaqasini o‘n davlatga yetkazdi. Bugungi kunda kompaniya Rossiya, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklarida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Wildberries va Russ kompaniyalariga tegishli Wibes videoplatformasi blogerlar uchun monetizatsiya dasturini yo‘lga qo‘ygani haqida yozgandi.