
AvtoVAZ Lada Niva «Marsh» amfibiya modelini yana ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Lada Niva «Marsh» — «Niva»ning maxsus modifikatsiyasi bo‘lib, yo‘llar tugaydigan joylarda ham yurishga mo‘ljallangan. Uni ilk bor suv havzasida namoyish qilishgan — mashina suvda turib yurish qobiliyatini ko‘rsatgan. Gigant past bosimli g‘ildiraklari tufayli «Marsh» haqiqatan ham suzishga qodir.
Bundan tashqari, uning g‘ildiraklari yerga deyarli bosim o‘tkazmaydi, u bemalol botqoqlik, qum, qor ustidan harakatlana oladi. Shinalardagi bosim kabinadan turib boshqariladi. Shu sababli bu texnikani geologlar, gaz qazib oluvchilar va energetiklar ishlatishadi — vertolyot qimmat, g‘ildirakli texnika esa bunday vaziyatlarda eng maqbul variant bo‘ladi.
Bu yo‘ltanlamas ikki marta Shimoliy qutbni zabt etishga harakat qilgan. 1999-yilda mashina muz ustida harakatlanib, yoriqlar va qor qoplamalarini yengib, «nol nuqta»ga yetib borgan. 2000-yilda ekspeditsiya 309 km yo‘l bosgan, shu jumladan 50 metr masofani suvda yurib o‘tgan.
Bugungi kunda «Marsh» uch eshikli Niva Legend bazasida kichik hajmda ishlab chiqariladi.
Avvalroq BYD Leopard Titanium 7 gibrid yo‘ltanlamasi taqdim etilgani haqida yozgandik.
Bu avtomobil mustahkam kuzovli gibrid yo‘ltanlamas bo‘lib, shahar aholisi uchun mo‘ljallangan. Uning o‘lchami 5 metrdan oshadi, ichki saloni esa juda keng.
Yuqori toifadagi model 35,6 kVt·soatli batareyaga ega bo‘lib, 180 km masofani faqat elektrda bosib o‘ta oladi. Boshqa variantlari 135 km yurish zaxirasiga ega. Umumiy yurish masofasi 1300 kmdan ortiq. Leopard Titanium 7 faqat gibrid bo‘lib, to‘liq elektrli versiyasi chiqarilmaydi.