Ikki baravarga oshgan avtosug‘urta, 100 trln so‘mga ko‘paygan davlat budjeti — 24-iyulning muhim yangiliklari

109 so‘mdan ko‘proqqa pasaygan dollar, narxi oshirilgan majburiy avtosug‘urta, jangi bekor qilingan Bahodir Jalolov, O‘zbekistonda vakolatxonasini ochgan «CitiBank», Ustyurtdan neft qazib olmoqchi bo‘layotgan SOCAR va «O‘zbekneftgaz» – Kursiv Uzbekistan nashri tomonidan 24-iyul sanasida sodir bo‘lgan eng muhim yangilik va xabarlar bitta materialga jamlandi.
Yer qa’ridan noqonuniy foydalanish haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Buning uchun huquqbuzarlik videoteknika orqali qayd etilib, «Geomonitoring» tizimi orqali tegishli inspeksiyaga yuborilishi kerak. Video yoki fotomateriallarda huquqbuzarlikning o‘zi, voqea joyi, vaqti hamda agar bo‘lsa, ishtirokchi shaxslar ko‘rsatilishi lozim.
BAA o‘zbekistonlik sayyohlar uchun avtomobil boshqarish tartibini soddalashtirdi

Birlashgan Arab Amirliklari hukumati 50 dan ortiq davlat fuqarolariga o‘z mamlakatlarida berilgan haydovchilik guvohnomasi bilan BAAda avtomobil boshqarishga ruxsat berdi.
Bu imtiyoz nazariy yoki amaliy imtihonlarsiz, faqat vaqtinchalik tashrif buyurganlarga taalluqli.
Neymar ishtirok etgan bahsda «Santos» magʻlubiyatga uchradi

Braziliya chempionatining 14-turidan oʻrin olgan uchrashuvda «Santos» oʻz maydonida «Internasional»ga 1:2 hisobida magʻlub boʻldi.
«Santos» faqatgina 91-daqiqada Alvaro Barrealning goli evaziga hisobni qisqartira oldi. Uchrashuvda «Santos» sardori Neymar toʻliq harakat qildi, biroq u samarali harakat qila olmadi.
O‘zbekiston budjeti olti oyda 100 trln so‘mga ko‘paydi

Shu yilning birinchi yarmi davomida O‘zbekistonda soliq tushumlari sezilarli darajada oshib, mamlakat budjetiga 102,6 trillion so‘m tushdi. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 20 foizga, ya’ni 16,8 trillion so‘mga ko‘p.
Surgil konida gaz siquv stansiyasi qurilishi yakunlandi

Qoraqalpog‘istonda joylashgan «Surgil» siquv kompressor stansiyasini (SKS) qurish loyihasining umumiy qurilish va montaj ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Stansiya Surgil konidan olinayotgan tabiiy gaz bosimini oshirib, uni qayta ishlash uchun Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yuborishga xizmat qiladi. Bu yerda gaz tarkibidan ajratilgan qimmatbaho komponentlar asosida polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.
O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki ochiladi

Tayyab Finance mikromoliya tashkiloti O‘zbekistonda birinchi mikromoliya bankini ochish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnomani oldi. Litsenziya olish uchun tashkilot yana bir qancha bosqichlardan o‘tishi kerak.
Korxonaga berilgan dastlabki ruxsatnoma olti oy muddatga amal qiladi. Bu davr ichida zarur rasmiylashtirish jarayonlari yakunlanadi va faoliyat litsenziyasi olinadi. Shundan so‘ng «mikromoliya banki» iborasi tashkilot nomiga rasmiy qo‘shiladi.
Bahodir Jalolovning navbatdagi jangi bekor qilindi

Oʻzbekistonlik bokschi Bahodir Jalolovning 26-iyul kuni Nyu-Yorkda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan jangi bekor qilindi. U italiyalik Janmarko Kardilo bilan ringga chiqishi kerak edi.
Top Rank promouterlik kompaniyasining rasmiy bayonotiga koʻra, Kardilo sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar tufayli jangda ishtirok eta olmaydi.
«CitiBank» O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi

CitiBank Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi, deb xabar berdi moliya tashkiloti vakili Grant Karson LinkedIn sahifasida.
«Ushbu yangi bosqich bizga mijozlarimiz va hamkorlarimizga yanada yaqin bo‘lish, ularga global imkoniyatlardan foydalanishda va tez o‘zgarib borayotgan bozor sharoitida yo‘l topishlariga yordam berish imkonini beradi», — deydi u.
O‘zbekistonning Shri-Lankadagi ilk elchisi tayinlandi

Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida tayinlandi. Yangi elchi ushbu mamlakat davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi.
Uchrashuvda hozirgi ikki tomonlama savdo hajmi qoniqarsiz ekani aytildi va yaqin yillarda uni $50 millionga yetkazish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
Magistratura va doktoranturaga kirishda til sertifikati talabi bekor qilinmadi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda magistratura va doktoranturaga kirishda til sertifikati talabi bekor qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Vazirlik 2024-yil 24-mayda qabul qilingan prezident farmoni asosida xorijiy til bo‘yicha quyidagi darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlar hali ham talab etilishini eslatdi:
- Xorijiy tillar yo‘nalishlari uchun — kamida C1 daraja,
- Gumanitar, biologik, matematika, biznes, huquq, axborot texnologiyalari, jurnalistika kabi sohalar uchun — kamida B2,
- Madaniyat, sport va boshqa sohalar uchun — kamida B1 daraja.
O‘zbekiston dunyoda o‘rik eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin

2025-yil aprel–iyun oylarida O‘zbekistondan yangi o‘rik eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshdi. EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, joriy mavsumda O‘zbekiston dunyo bozorida ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin.
2023 va 2024-yillarda O‘zbekiston dunyodagi yetakchi yangi o‘rik eksport qiluvchi mamlakatlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu ro‘yxatda Ispaniya birinchi, Turkiya esa ikkinchi o‘rinda bo‘lgan.
Majburiy avtosug‘urta narxi oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan majburiy avtosug‘urta narxi oshiriladi. Transport vositalari egalari uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimiga o‘zgarishlar kiritildi.
2026-yil 1-yanvardan sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘lanadigan summa miqdori 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshiriladi.
SOCAR va «O‘zbekneftgaz» Ustyurtda neft qazib olish bo‘yicha bitim imzoladi

Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi SOCAR va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Ushbu bitim Ustyurt neft-gaz hududidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda aholi qaysi to‘lov usulidan ko‘proq foydalanmoqda

Markaziy bank tomonidan shu yilning iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi to‘lovlarni naqd pul va bank kartalari orqali amalga oshiradi.
Aholining yarmidan ko‘pi, ya’ni 52 foizi to‘lovlarni naqd pul va bank kartalari orqali birgalikda amalga oshiradi. Faqatgina to‘liq kartadan foydalanadiganlar ulushi 33 foizni tashkil qiladi.
Dollar 109 so‘mdan ko‘proqqa pasaydi

Bugun, 24-iyul kuni dollar kursi 109,05 so‘mga pasayib, 12 653,48 so‘mni qayd etdi.
Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 106,47 so‘mga tushib, 14 871,64 so‘mni, rubl esa 2,91 so‘mga pasayib, 159,75 so‘mni tashkil qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.