AQSh pasportlar reytingida kuchli o‘nlikdan chiqib ketish arafasida

eʼlon qilindi
AQSh hozirda 182 ta davlatga vizasiz kirish huquqiga ega
AQSh pasportlar reytingida kuchli o‘nlikdan chiqib ketish arafasida / Foto: Fox 7

Henley & Partners kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan 2025-yilgi Henley Passport Index reytingiga ko‘ra, AQSh tarixda ilk bor eng kuchli pasportlar o‘nligining oxirgi pog‘onasiga tushib qoldi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2014-yilda 1-o‘rinda turgan AQSh hozirda 182 ta davlatga vizasiz kirish huquqi bilan Islandiya va Litva bilan 10-o‘rinni bo‘lishmoqda.

Eng kuchli pasport reytingida Singapur yetakchilikni saqlab turibdi. Bu pasport egalariga 193 davlatga vizasiz kirish imkonini beradi. Ikkinchi o‘rinda Yaponiya va Janubiy Koreya (190 ta yo‘nalish), uchinchi o‘rinda esa Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya kabi Yevropa davlatlari (189 ta yo‘nalish) joylashgan.

Reytingning eng quyi qismida Afg‘oniston joylashgan bo‘lib, uning fuqarolari atigi 25 ta mamlakatga vizasiz kira oladi.

Tramp ma’muriyati yaqinda qabul qilgan siyosat asosida, AQShga kelayotgan xalqaro sayyohlar uchun yangi «vizaning to‘g‘riligi uchun yig‘im» (visa integrity fee) joriy qilinadi. Bu to‘lov kamida 250 dollarni tashkil etadi va mavjud viza xarajatlariga qo‘shiladi. Tanqidchilar bunday chora xorijliklar uchun AQShga safarni qiyinlashtirishini ta’kidlashmoqda.

2025-yil uchun eng kuchli 10 pasport:

  1. Singapur (193 davlat)
  2. Yaponiya, Janubiy Koreya (190)
  3. Fransiya, Germaniya, Italiya va boshqalar (189)
  4. Avstriya, Niderlandiya va boshqalar (188)
  5. Gresiya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya (187)
  6. Buyuk Britaniya (186)
  7. Avstraliya, Chexiya, Vengriya va boshqalar (185)
  8. Kanada, BAA va boshqalar (184)
  9. Xorvatiya, Latviya va boshqalar (183)
  10. Islandiya, Litva, AQSh (182)

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston pasportining xalqaro reytingdagi o‘rni olti pog‘ona yuqorilagan edi.

Shuningdek