Fan

Avgustda qaysi xalqaro grantlarga tayyorlanish kerak

24-iyul 2025 18:32 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Talaba va abiturientlarga yo‘riqnoma. Foto: dapor2560 / depositphotos

Aksariyat xalqaro grant dasturlari kuz faslida arizalarni qabul qilishni boshlaydi. Shu sababli avgust — talabalar va abituriyentlar uchun motivatsion hamda tavsiyanoma xatlarini tayyorlash, IELTS yoki TOEFL kabi til sertifikatlariga ro‘yxatdan o‘tish, CV va diplom nusxalarini tartibga keltirish uchun eng qulay davrdir.

Ma’lumotlarga qaraganda, ko‘plab nomzodlar hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlamagani sabab universitetlardan rad javobini oladi — bu grant tanlovlarida ham eng asosiy xatolardan biri sanaladi.

Shu bois avgust – grant qidirayotgan yoshlar uchun strategik rejalashtirish oyi bo‘lishi lozim. Ya’ni har bir grantning rasmiy sanalari, hujjatlar talabi, onlayn ariza tizimi bilan yaqindan tanishib chiqish, muddatlarni belgilash va zarur tavsiyanomalarni oldindan tayyorlash grantni qo‘lga kiritish imkoniyatini oshiradi.

Quyida Kursiv Uzbekistan bir qator ommabop grant dasturlari bo‘yicha ma’lumot beradi.

Ushbu maqoladan quyidagi grantlar haqida bilib olasiz:

1. NSP (National Scholarship Program – Slovakiya)

Slovakiya. Foto: radu.cadar.gmail.com / depositphotos

Grant miqdori: magistratura uchun oyiga 620 yevro ($725) stipendiya, doktorantura (PhD) bosqichidagi tadqiqotchilar uchun bu miqdor oyiga 1 025,50 yevroni ($1198,7) tashkil etadi. O‘qituvchilar, tadqiqotchilar va ijodkorlar uchun esa tajribaga qarab to‘lov belgilangan: agar nomzodning PhD darajasi bo‘lmasa va ilmiy tajribasi 4 yildan kam bo‘lsa, unga oyiga 1 025,50 yevro ($1198,7) to‘lanadi. PhD darajasi bilan 10 yildan kam tajribaga ega bo‘lganlar oyiga 1 370 yevro ($1601,3), 10 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan tadqiqotchilar esa oyiga 1 470 yevro ($1718,2) stipendiya olishadi.

  • Kimlar uchun: bakalavriat, magistratura, doktorantura va tadqiqot safarlariga.
  • Qabul ochiladi: sentabr–oktabr oylarida.
  • Asosiy hujjatlar: CV, motivatsion xat, universitet qabul xati, tavsiyanoma, pasport, o‘qish reytingi, ilimiy ishlar ro‘yxati va o‘qish dasturi (tadqiqotchilar uchun).

Avgustda motivatsion xat, professor yoki ilmiy rahbardan tavsiyanoma olish, CV yangilash, hujjatlar tarjimasi uchun tayyorlanish lozim.

Rasmiy sayt: scholarships.sk

2. Forte Fellowship (Ayollar uchun)

Grant miqdori: yillik $20 mingdan $200 minggacha bo‘lgan moliyaviy yordam taqdim etiladi.

  • Kimlar uchun: biznes, iqtisod va shunga yaqin yo‘nalishda magistraturaga topshiruvchilarga.
  • Qabul ochiladi: universitet qabuliga qarab, sentabr–oktabr.
  • Asosiy hujjatlar: GMAT yoki GRE, IELTS/TOEFL, CV, motivatsion xat, tavsiyanoma.

Avgustda GMAT yoki GRE imtihoniga tayyorlanish, test topshirish, motivatsion xat, CV tayyorlash lozim.

Rasmiy sahifasi: fortefoundation.org

3. DAAD (Germaniya)

Berlin, Germaniya. Foto: AlexGukBO / depositphotos

Grant miqdori: magistrantlar odatda oyiga 992 yevro ($1160,5), doktorantlar esa oyiga 1 300 yevro ($1520,8) miqdorida stipendiya oladi. RISE dasturi doirasidagi ilmiy stajirovkalar uchun esa o‘rtacha 934 yevro ($1092,6) oylik stipendiya belgilanadi.

  • Kimlar uchun: magistratura, PhD, tadqiqot.
  • Qabul oktabr oxirida yopiladi.
  • Asosiy hujjatlar: IELTS/TOEFL, universitetdan qabul xati, CV, motivatsion xat, tavsiyanoma.

Avgustda professor bilan aloqaga chiqish, motivatsion xat, tavsiyanoma, til sertifikatiga tayyorlanib, hujjatni topshirish tavsiya etiladi.

Rasmiy sayt: daad.de

4. Erasmus Mundus

Foto: erasmus.uz

Grant miqdori: oyiga 1 400 yevro ($1637,9) miqdorida yashash uchun stipendiya, dastur davomida eng ko‘p 24 oy beriladi. Qo‘shimcha sifatida sayohat va joylashish xarajatlari ham kompensatsiya qilinadi.

  • Kimlar uchun: qo‘shma magistratura.
  • Qabul ochiladi: keyingi o‘quv yilidan boshlanadigan kurslarga oktabr-yanvar oylarida hujjat topshirish lozim.
  • Hujjatlar: IELTS/TOEFL, motivatsion xat, CV, diplom, tavsiyanoma.

Avgustda til sertifikatini tayyorlash, hujjat tarjimasi, motivatsion xat uchun tayyorlanish mumkin.

Rasmiy sahifa: erasmus-plus.ec.europa.eu

5. Chevening (Buyuk Britaniya)

Grant miqdori: bir yillik to‘lov o‘rtacha 30 000 funt sterling ($40,5 ming) miqdorida bo‘ladi. Bu grant asosan o‘qish to‘lovlari, oylik stipendiya, borish va qaytish uchun aviachipta, joylashish, jo‘nab ketish, viza va sug‘urta xarajatlarini qoplaydi.

  • Kimlar uchun: magistratura.
  • Qabul avgustda ochilib, noyabrgacha davom etadi.
  • Hujjatlar: CV, personal statement, IELTS/TOEFL (yoki tayyorlanish), tavsiyanoma.

Avgustda personal statement, tavsiyanoma beruvchilar bilan aloqaga chiqish, til sertifikatini tayyorlash tavsiya qilinadi.

Rasmiy sahifa: chevening.org

6. GKS (Global Korea Scholarship)

Foto: selensergen / depositphotos

Grant miqdori: oyiga taxminan 1 000 000 KRW ($722,7) yashash stipendiyasi ajratiladi. Bu mablag‘ oziq-ovqat, transport va kundalik ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan. Agar talabada TOPIK 5 yoki undan yuqori bo‘lsa, oyiga +100 000 KRW ($72,3) qo‘shimcha ajratiladi.

  • Kimlar uchun: bakalavriat va magistratura.
  • Qabul ochiladi: sentabr–oktabr.
  • Asosiy hujjatlar: pasport, diplom va uning ilovasi, o‘quv reja, ariza, til sertifikati, mukofotlar, tavsiyanoma, sog‘liq bo‘yicha hujjat.

Avgustda til sertifikati va tavsiyanomani tayyorlash, motivatsion xat yozish va ijtimoiy faollikni tasdiqlovchi diplomlarnio tayyorlash tavsiya qilinadi.

Rasmiy sayt: studyinkorea.go.kr

Universitetni o‘zi tomonidan taqdim qilinadigan grant dasturlari haqida o‘sha universitet rasmiy sahifasidan ma’lumot topishingiz mumkin.

Avgustda qaysi hujjatlar tayyor bo‘lishi lozim

Hujjat turiTavsiya qilinadi
IELTS/TOEFL sertifikatiBelgilangan muddatdan oldin yangilash
Motivatsion / personal statementHar bir grant uchun mos yozish
Tavsiyanoma beruvchilarAloqada bo‘lish, dastlabki xatlar yozish
CV yoki rezyumeYangilash
Diplomi va transkriptRasmiy tarjima va tasdiqlangan nusxa
GMAT/GRE (Forte va ba’zi Fulbright/Vengriya)Avgustda topshirish kerak
Tibbiy ma’lumotnomaAyrim grantlar uchun zarur

Umuman olganda, avgust oyi – hujjat tayyorlash, til sertifikatlarini olish, motivatsion xatlarni yozish, tavsiyanomalarni oldindan so‘rab qo‘yish uchun eng qulay davr hisoblanadi. Chunki deyarli ko‘plab nufuzli grantlar (NSP, DAAD, Erasmus Mundus, Chevening, GKS va boshqalar) kuzning ilk oylarida qabulni ochadi.

Bundan avval Xitoyning Shensi provinsiyasi Toshkent Transport universitetiga 1,8 mln dollarlik grant ajratgandi.

Mazkur grant evaziga 10 nafar PhD, 40 nafar magistratura va 60 nafar bakalavriat talabasi Xitoyning Changan universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dasturlar 1+1 magistratura va 2+2 bakalavriat shaklida amalga oshiriladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida bakalavriat va magistratura bosqichlariga ajratiladigan grant o‘rinlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, joriy yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 35 500, magistratura kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha esa 9 922 ta grant o‘rni ajratiladi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha grant taqsimotini ishlab chiqib, Davlat komissiyasiga taqdim etadi:

  • respublikadagi xorijiy va nodavlat OTMlar uchun ajratilgan 1 320 ta grant taqsimoti;
  • chet elda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta grant yo‘nalishlari;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda 4 000 ta xotin-qizlar uchun ajratilgan grant taqsimoti.
Shuningdek