Bo‘stonliqdagi tog‘li hududda yong‘in chiqdi – video

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqdagi tog‘li hududda yong‘in yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot taqdim qildi.
Unga ko‘ra, bugun 24-iyul kuni soat 11:16 lar Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Bo‘stonliq tumani Xo‘jakent mahallasi tog‘li hududida yong‘in yuz berayotgani haqida xabar tushgan.
Dastlabki ma’lumotga qaraganda, taxminan 2 gektar maydonda quruq o‘t va shox-shabba yonayotgani aniqlangan.
Hozirda yong‘in-qutqaruv ekipajlari tegishli tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda yong‘inni to‘liq bartaraf etish ustida ish olib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarga qaraganda, hududdagi yong‘inni bartaraf etishga vertolyotlar ham jalb qilingan.
Bundan oldin Qibray tumanidagi G‘afur G‘ulom nomidagi mahallada joylashgan uy va qurilish mollari do‘konida, shuningdek, Chilonzor tumani «O‘zbekfilm» yaqinidagi ochiq maydonda yong‘in chiqqani haqida yozgandik. Unda ham yong‘inga quruq o‘tlar va eski avtomobil shinalari sabab bo‘lgandi.