
Chery Tiggo 9 Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YOII) hududida rasman sotuvga chiqishga tayyor. Avtomobil Qozog‘istondagi Astana Motors Manufacturing Kazakhstan (AMMKZ) zavodida yig‘iladi. Bu haqda «Kitayskye avtomobili» xabar bermoqda.
Bu model endi YOII uchun ruxsatnoma – transport vositasi turi bo‘yicha tasdiq (OTTS) hujjatini oldi. Chery Tiggo 9 o‘z o‘lchamlari bilan o‘rta o‘lchamli SUV toifasida eng yirik modellar qatoriga kiradi. Uning gabaritlari 4810×1925×1741 mm bo‘lib, saloni ham keng va qulay. Benzinli versiyasi 2 litrli 245 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. U 8 pog‘onali avtomat uzatma va to‘liq yuritma tizimi bilan ishlaydi.

Qozog‘istonda yig‘ilayotgan versiyaning eng asosiy o‘ziga xos jihati – gibrid texnologiya. Unda 1,5 litrli benzinli dvigatel va uchta elektromotor mavjud. Bu kombinatsiya umumiy hisobda 619 ot kuchini ta’minlaydi. Gibrid model ham to‘liq yuritmaga ega bo‘ladi va ekologik hamda yoqilg‘i tejamkorligi bo‘yicha ustunlikka ega.
Avvalroq Chery kompaniyasi bu modelning Rossiyadagi narxini pasaytirgan edi. Endi esa Tiggo 9’ning YeOII bozoridagi savdosi yanada kengayishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Fulwin A9L Xitoyda rekord darajada buyurtma olgani haqida yozgan edi.