
Bugungi avtomobil bozorida xaridorlar uchun tanlov imkoniyatlari keng. Har bir avtomobilning o‘ziga xos ustunliklari va kamchiliklari mavjud bo‘lib, xarid qiluvchilar ehtiyoj va budjetdan kelib chiqib qaror qabul qiladilar. Ayniqsa, O‘zbekiston yo‘llarida ko‘p uchraydigan modellar orasida Cobalt ham alohida e’tiborni tortadi. Ushbu maqolada Chevrolet Cobalt avtomobilining kamchiliklari haqida so‘z yuritiladi.
Arzon plastik va shovqin

Mashinaning paneli va eshik ichki qoplamalari oddiy plastmassadan ishlangan. Bu esa ularni tirnaluvchan va tez eskiradigan qiladi. Ko‘plab foydalanuvchilar avtomobil yangi bo‘lganda ham salonda arzon material ishlatilganini sezishlarini aytishgan.
Yana bir muammo – vaqt o‘tishi bilan salon qismlarining bo‘shashishi. Natijada 1-2 yil ichida turli g‘irchillagan shovqinlar eshitila boshlaydi. Bu esa haydash vaqtida noqulaylik tug‘diradi.
Shuningdek, shovqin izolyatsiyasi zaif ekani ham qayd etilgan. Yo‘l shovqini va dvigatel ovozi salonga ancha o‘tadi. Shu sababli, ko‘plab avtomobil egalari salonga qo‘shimcha tovush yutuvchi materiallar o‘rnatishga majbur bo‘lgan.
Foydalanuvchilarning fikricha, Cobalt kundalik foydalanish uchun qulay bo‘lsa-da, interyer sifati bo‘yicha yaxshilanishga muhtoj. Ayniqsa, uzoq muddatda foydalanishni rejalashtirayotganlar uchun bu jihatlar muhim sanaladi.
Dizayn va estetika
Cobalt’ning tashqi ko‘rinishi va ichki dizayni haqida tanqidiy fikrlar bor – ba’zi haydovchilar uni juda sodda va jozibasiz deya baholashadi. Asboblar paneli, garchi funksional bo‘lsa-da, materiallari arzon plastikdan ekani ko‘zga tashlanadi. Eksteryerdagi oddiy chiroqlar va soddakan panjara ham ayrimlarga yoqmasligi mumkin. Biroq ko‘pchilik fikricha, uning narxi va amaliy afzalliklari dizayndagi kamchiliklarni oqlaydi.
Ba’zi qulayliklarning yo‘qligi

Chevrolet Cobalt hattoki to‘liq (full) versiyasida ham ayrim oddiy jihozlar bilan ta’minlanmagan. Avtomobil g‘ildirak kemarlari atrofida lo‘kidonlar (brizgoviklar) bilan chiqmaydi. Qizig‘i shundaki, ularni o‘rnatish uchun mahkamlagichlar bor, ammo plastmassa detallar o‘zi yo‘q.
Yana bir noqulaylik – orqa bagajni faqat pult orqali ochish mumkin. Kalit teshigi mavjud emas. Pult yo‘qolsa yoki batareyasi tugasa, yukxonani ochish qiyinlashadi. Salon ichidan ham alohida ochkich yo‘q. Bu esa haydovchilar uchun erkinlikni cheklaydi.

Mashinaning orqa qismi baland va keng. Shuning uchun orqani ko‘rish imkoniyati cheklangan. Salon oynasi orqali pastga qarash qiyin. Zavod komplektatsiyasida orqa parktronik yoki orqa kamera mavjud emas. Bu hatto eng yuqori versiyada ham kuzatiladi.
Ko‘plab foydalanuvchilar bu kamchiliklarni tanqid qilishgan. Ular eng kamida to‘liq versiyada parkovka sensorlari bo‘lishi kerak deb hisoblashadi.
Ba’zi Cobalt egalari old o‘rindiqni isitish funksiyasining ishonchsiz ishlashidan shikoyat qilishgan – isitkichlar ba’zan ishlaydi, ba’zan ishlamay qoladi. Bu elektrojihatdan hal qilinadigan kichik nosozlik bo‘lib, servisda ko‘rilishi kerak bo‘ladi. Yana, konditsioner ham avtomatik emas (mashinada avtomatik iqlim nazorati yo‘q) – haroratni qo‘lda sozlashga to‘g‘ri keladi. Bu narxni arzonlashtiradi, lekin qulaylikni pasaytiradi.

Cobalt’ning asboblar panelida dvigatel qizish darajasini ko‘rsatuvchi indikator shkalasi umuman yo‘q. Faqat dvigatel haddan ziyod qizib ketsa, ogohlantiruvchi chiroq yonadi. Ammo haydovchi haroratni real vaqtda kuzata olmaydi – bu issiq iqlimli hududlarda jiddiy kamchilik sifatida qayd etiladi (masalan, termostat nosozligini vaqtida payqash qiyin).
Mahalliy haydovchilarning ta’kidlashicha, 2020-yilda ishlab chiqarilgan ayrim Cobalt’larda kuzovning germetikligi sust bo‘lgan – kuchli yomg‘ir paytida old oynak yonlari yoki orqa fonar atrofiga suv sizib kirishi hollari uchragan. Ushbu muammoni egalarning o‘zi oddiy silikon germetik surtish orqali hal qilishgan va ta’kidlash joizki, 2021-yil modellarda zavod bu xatoni bartaraf etgan (yangi mashinalarda bunday holat kuzatilmaydi).

Cobalt kuzov metallining ingichkaligi bilan ham tanqid qilinadi – ayrim haydovchilar nazarida mashina «plyonka»dek yengil metallga ega. Bu bir tomondan yonilg‘i tejamkorligi va tezlikka ijobiy ta’sir etsa-da, ikkinchi tomondan xavfsizlik borasida tashvish uyg‘otadi (chuqur korroziyaga qarshi mustahkamlik qay darajada ekaniga ishonchsizlik).
Shu bilan birga, dvigatel nisbatan kuchsiz bo‘lgani sababli, Cobalt tezlik va maksimal tezlanish bo‘yicha mahalliy sedаnlar orasida eng sustlaridan biri deyildi. Aslida, bu ko‘proq nisbiy qarash: Cobalt 106 ot kuchi bilan Gentra (107) yoki Nexia (105) dan sezilarli ortda qolmaydi, lekin Malibu, Tracker kabi kuchli modellarga albatta tenglasha olmaydi.
Ma’lumot uchun: yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda 67,8 mingta yangi Chevrolet Cobalt sotilgan.
Avvalroq Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilayotgani haqida yozgan edi.