
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda magistratura va doktoranturaga kirishda til sertifikati talabi bekor qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, 2025-yil 19-iyulda e’lon qilingan PF–114-son hujjat ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilingan. Mazkur farmon bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilgan, jumladan, 2021-yil 19-maydagi PQ–5117-sonli qarorning 6-bandidagi xorijiy til sertifikati bo‘yicha dastlabki talabni ifodalagan xatboshi chiqarib tashlangan. Ammo bu endilikda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til bo‘yicha sertifikat kerak emas degani emas.
Vazirlik 2024-yil 24-mayda qabul qilingan prezident farmoni asosida xorijiy til bo‘yicha quyidagi darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlar hali ham talab etilishini eslatdi:
- Xorijiy tillar yo‘nalishlari uchun — kamida C1 daraja,
- Gumanitar, biologik, matematika, biznes, huquq, axborot texnologiyalari, jurnalistika kabi sohalar uchun — kamida B2,
- Madaniyat, sport va boshqa sohalar uchun — kamida B1 daraja.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bakalavr va magistratura uchun davlat granti soni tasdiqlangani haqida yozgandi.