Majburiy avtosug‘urta narxi oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan majburiy avtosug‘urta narxi oshiriladi. Transport vositalari egalari uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimiga o‘zgarishlar kiritildi.
2026-yil 1-yanvardan sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘lanadigan summa miqdori 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshiriladi. Bu avtohalokat oqibatida jabrlanganlarga to‘lanadigan mablag‘ni ko‘paytiradi. Shu muddatdan boshlab haydovchilarga qo‘yilgan majburiy sug‘urta polisi narxi Toshkent shahrida yengil avtomobillar uchun 192 000 so‘mdan boshlanadi. Bu hududlarda esa 160 ming so‘m bo‘ladi.
Sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqilib, bozor tamoyillariga moslashtiriladi. Haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan sug‘urta polislarini rasmiylashtirish tartibi joriy etildi.
Sug‘urtalovchi va haydovchi o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilandi. Shuningdek, fuqarolarga YTH haqida xabarnoma va huquqiy maslahat xizmatlarini ko‘rsatish huquqi sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga yuklatildi.
2026-yil 1-apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislar bo‘yicha tushumlar hisobini markazlashtiradi.
Avvalroq Avtomobilni chet elga olib chiqish huquqini ishonchnomaga kiritish taklif qilinayotgani haqida yozgan edik.