
Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi Microsoft bilan shartnoma imzoladi. Ushbu kelishuv doirasida brend o‘z avtomobillariga MB.OS operatsion tizimini o‘rnatadi. Bu haqda Motor1 portali xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, MB.OS tizimiga Microsoft Intune va Microsoft Teams servislaridan tashqari, sun’iy intellekt asosidagi 365 Copilot tizimi ham o‘rnatiladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi avtomobillar endi to‘liq ish maydoniga aylanadi. Ya’ni haydovchi rulda o‘tirgan holda ovozli chat tizimi orqali xabarlarga avtomatik javob berishi va videokonferensiyalarda ishtirok etishi mumkin.
Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu funksiya avtomobilda harakatlanayotgan holatda ham ishlaydi. Ammo yo‘l-transport hodisasidan himoya qilish maqsadida videokonferensiyadagi tasvir yo‘lda avtomatik o‘chiriladi va faqat audio ma’lumotlar uzatiladi. Bu esa haydovchining yo‘lda ekran tasviriga ortiqcha chalg‘imasligini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, foydalanuvchi kamerani qo‘lda ham o‘chirib qo‘yishi mumkin, bu esa shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini yanada yaxshiroq himoya qiladi.
MB.OS operatsion tizimi o‘rnatiladigan birinchi avtomobil — Mercedes-Benz CLA elektro sedani bo‘ladi. Ushbu model 2026-yilda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Tizimning asosiy to‘plamda bo‘lishi yoki bo‘lmasligi hozircha noma’lum.
Mazkur yangilik avvalo AQSh va Yevropada ishga tushiriladi. Keyinchalik loyiha boshqa mintaqalarda ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan oldin Mercedes-Benz egalariga 30 kunlik bepul xizmat taklifi berilgani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, Mercedes-Benz kompaniyasi avtomobil tizimidagi muammolarni aniqladi. Shu sababli, mijozlarga kompensatsiya sifatida masofadan boshqaruv xizmati uchun 30 kunlik bepul foydalanish imkoniyati taqdim etildi.
Bu taklif 2025-yil 30-sentabrgacha amal qiladi va faqat maqsadli taklif olgan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchilar xizmatdan bepul foydalanishlari mumkin.