Mubashshir Ahmad ishi sudga oshirildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Advokati Ruslan Sodiqov ma’lum qildi
Foto: Mubashshir Ahmad Telegram kanali

O‘zbekistonlik Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi rasmiy ravishda sudga oshirildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov ma’lum qildi.

Tursunov joriy yil 10-may kuni Turkiyadan ekstraditsiya qilinganidan buyon, ya’ni 75 kundan beri qamoqda saqlanmoqda.

Advokatning ma’lumotiga ko‘ra, Tursunovga Jinoyat kodeksining uchta moddasi — 244-3 (diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash yoki tarqatish), 244-1 (ommaviy axborot vositalari orqali jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallar tarqatish) va 156-moddasi 2-qismi (millatlar, irqlar, dinlararo adovat qo‘zg‘atish) bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Bu ayblovlar, asosan, Tursunovning diniy chiqishlari, Azon TV va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga asoslanmoqda.

2025-yilning may oyida, Tursunov hibsga olinganidan so‘ng, unga Telegram kanalida joylashtirgan video asosida qo‘shimcha ayblov qo‘yilgan. Unga ko‘ra, mazkur material jamiyatda tartibsizlikni keltirib chiqaruvchi sifatida baholangan.

Shuningdek, Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari bo‘yicha bildirilgan fikrlarda irqiy va diniy adovat alomatlari topilgan va bu asosda Jinoyat kodeksining 156-moddasi bilan ham ayblov ilgari surilgan.

Advokat Sodiqov tergov jarayonida mijozi bilan to‘laqonli aloqa o‘rnata olmaganini bildirgan. Unga ko‘ra, Tursunov o‘z advokatlarini chaqirtirishni so‘ragan bo‘lsa-da, tergov harakatlari davlat hisobidan ajratilgan himoyachi ishtirokida davom ettirilgan.

Tursunov esa keyinchalik tergov vaqtida bosim yoki tazyiqqa uchramaganini, Turkiyada faoliyat olib borganligi sababli O‘zbekistonning diniy tartiblariga bo‘ysunishi zarur emas deb o‘ylaganini bildirgan.

Sud jarayoni qachon va qayerda bo‘lib o‘tishi hozircha ma’lum emas. Advokat esa yaqin kunlarda sudda jinoyat alomatlari yuzasidan ekspert xulosalariga qarshi asosli savollar berishni va qonuniy himoya huquqidan to‘liq foydalanishni rejalashtirayotganini aytmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek