Oʻzbekiston Gruziyaga mintaqaviy temiryoʻl loyihasida ishtirok etishni taklif qildi

23-iyul kuni Oʻzbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Gruziya Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili ikki davlat oʻrtasida yuk tashuvlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda gruzin tomoniga Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temiryoʻli loyihasida ishtirok etish taklif etildi. Oʻzbekiston ushbu loyihaning mintaqaviy ahamiyatini inobatga olib, uni Oʻrta transport yoʻlagiga integratsiya qilish rejalari doirasida Gruziya bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqchi.
Tomonlar, shuningdek, avtomobil va temiryoʻl tashuvlaridagi hamkorlikni kengaytirish, Gruziya portlari orqali multimodal yuk yoʻlaklarini yoʻlga qoʻyish, hamda ikki davlat oʻrtasida aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish masalalarini ham koʻrib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temiryoʻli 532 kilometrdan ortiq masofani qamrab oladi. Loyiha qiymati taxminan $4,7 milliardni tashkil etadi va 20 mingdan ortiq ish oʻrinlarini yaratishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Tojikiston Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasiga qoʻshilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.