O‘zbekiston budjeti olti oyda 100 trln so‘mga ko‘paydi

Shu yilning birinchi yarmi davomida O‘zbekistonda soliq tushumlari sezilarli darajada oshib, mamlakat budjetiga 102,6 trillion so‘m tushdi. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 20 foizga, ya’ni 16,8 trillion so‘mga ko‘p. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Eng yirik tushum manbalari
Soliq tushumlari tarkibida eng katta ulush foyda solig‘iga to‘g‘ri kelib, yarim yillik yakuniga ko‘ra 22,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i 21,4 trillion so‘mni (20,3 foizga o‘sdi), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i esa 19,9 trillion so‘mni (17,5%) tashkil etdi.
Yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i bo‘yicha tushum 23,4 foizga oshib, 10,3 trillion so‘mga yetdi.
Hududlar kesimida
Toshkent shahri 17,6 trillion so‘m soliq tushumi bilan yetakchilik qildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga ko‘p. Shuningdek, Sirdaryo (28%), Namangan (26%), Toshkent viloyati (26%) va Andijon (25%) viloyatlari yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etdi.
Ammo Jizzax (16,5%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (16,9%) va Xorazm (18,8%) viloyatlarida soliq tushumlari pastroq o‘sishni ko‘rsatdi.
Raqamli nazorat vositalari orqali tovar aylanmasi ham yuqori sur’atda oshdi: elektron hisob-fakturalar orqali 24,1 foizga, onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali esa 22,6 foizga o‘sish kuzatildi. «Korxonabay» soliq boshqaruvi ishtirokchilari bo‘yicha tovar aylanmasi esa 35,7 foizga ko‘paygan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni 15 foizga o‘sib, 228 mingga yetgan bo‘lsa, uch yildan ortiq faoliyat yuritayotgan subyektlar 302 mingga yetib, barcha faol tadbirkorlarning 76,7 foizini tashkil etdi.
Ijara shartnomalaridan tushgan soliqlar hajmi 504,3 milliard so‘mga yetdi va 48 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Aktsiz, yer va mulk soliqlarida ham o‘sish kuzatildi:
- Aktsiz solig‘i: 9,3 trln so‘m (15,6%);
- Yer solig‘i: 4,8 trln so‘m (18,4%);
- Ko‘chmas mulk solig‘i: 4,1 trln so‘m (16,4%);
- Aylanma solig‘i: 1,6 trln so‘m (14,8%);
- Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq: 0,5 trln so‘m (7,2%).
Yarim yillikda soliq nazorati tadbirlari natijasida 13,4 trillion so‘mlik qo‘shimcha soliqlar va moliyaviy jarimalar hisoblandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi to‘lovlarni naqd pul va bank kartalari orqali amalga oshirishi haqida yozgandi.