O‘zbekiston dunyoda o‘rik eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin

2025-yil aprel – iyun oylarida O‘zbekistondan yangi o‘rik eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshdi. EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, joriy mavsumda O‘zbekiston dunyo bozorida ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin.
Bu yil yangi o‘rikning yirik partiyalari xalqaro bozorga ilk bor aprel oxirida yetkazib berila boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil aprel – iyun oylarida O‘zbekiston 54,100 tonna yangi o‘rik eksport qilgan. 2024-yilning shu davrida esa mamlakat 46,000 tonna yangi o‘rik eksport qilgandi.
2018-yildan buyon O‘zbekiston yangi o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda uchlikdan o‘rin olib kelmoqda. Faqat 2021 va 2022-yillarda kuchli ob-havo sharoiti o‘rik hosiliga katta zarar yetkazgani sababli bu o‘rin saqlanmagan. Keyingi yillarda esa mamlakat global bozorga yana qaytdi. 2023 va 2024-yillarda O‘zbekiston dunyodagi yetakchi yangi o‘rik eksport qiluvchi mamlakatlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu ro‘yxatda Ispaniya birinchi, Turkiya esa ikkinchi o‘rinda bo‘lgan.
Biroq joriy mavsumda Turkiyada kuchli bahorgi sovuqlar boshqa danakli mevalarga ham zarar yetkazib, o‘rik hosilini qisqartirib yubordi. Shu sababli Turkiyaning yangi o‘rik eksport hajmi so‘nggi ikki yilga qaraganda sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda. Shu omil va O‘zbekistonning 2025-yil aprel – iyun oylaridagi eksport ko‘rsatkichlarini hisobga olib, EastFruit tahlilchilari O‘zbekiston joriy mavsum oxirigacha yangi o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin, degan xulosaga kelmoqda.
Bundan oldin O‘zbekiston meva-sabzavot eksportini 40 foizga oshirgani haqida yozgandik.