O‘zbekistonda aholi qaysi to‘lov usulidan ko‘proq foydalanmoqda

Markaziy bank tomonidan shu yilning iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi to‘lovlarni naqd pul va bank kartalari orqali amalga oshiradi. Ushbu so‘rovnomada jami 14 259 nafar respondent ishtirok etgan.
Naqd pul hali ham «trend»da, ammo kartalarga ehtiyoj oshmoqda

Aholining yarmidan ko‘pi, ya’ni 52 foizi to‘lovlarni naqd pul va bank kartalari orqali birgalikda amalga oshiradi. Faqatgina to‘liq kartadan foydalanadiganlar ulushi 33 foizni tashkil qiladi. Naqd pulni afzal biluvchilar esa 15 foiz atrofida. Andijon, Jizzax, Navoiy va Namangan viloyatlarida esa naqd puldan foydalanish ko‘rsatkichi yuqori darajada saqlanmoqda.
Qancha pul naqd ishlatiladi

Respondentlarning qariyb yarmi (47%) odatda 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan xaridlarni naqd shaklda amalga oshiradi. Qolganlari esa 100 ming so‘mgacha (35%) yoki undan yuqori miqdorlarda (18%) naqd xaridlarni amalga oshirishini bildirgan.
Dehqon bozorlari – naqd pul hududi
Naqd puldagi to‘lovlarning asosiy sababi – xaridlar joyi. 56 foiz respondentlar dehqon bozorlarda naqd puldan foydalanishga majbur bo‘layotganini bildirgan. Bundan tashqari:
- 13% odam naqd pulga tovarlar arzonroq ekanini tan oladi;
- 7% hollarda to‘lov uchun aynan naqd pul talab qilinadi;
- yana 7% esa terminal yo‘qligi yoki ishlamasligidan shikoyat qiladi.

Toshkent shahri bu borada salbiy rekorda ega. Bu yerda terminal ishlamasligi holatlari eng ko‘p kuzatilgan. Shuningdek, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida ham naqd pul talab qilinishi holatlari kuzatilishi yuqori.
Banknotlarga ehtiyoj: 10 ming va 50 ming so‘mliklar yetakchi

Aholi eng ko‘p foydalanadigan va ehtiyoj sezgan nominallar:
- 50 ming so‘mlik (25%);
- 100 ming so‘mlik (22%);
- 10 ming so‘mlik (16%);
- 20 ming so‘mlik (14%).
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 10 000 so‘mlik, Andijonda esa 20 000 so‘mlik banknotlarga talab nisbatan yuqori.
Mayda pullar o‘rniga saqichlar
So‘rovnoma qatnashchilari kichik nominaldagi pullarga (tangalar, 2000 so‘mlik va 5000 so‘mlik) quyidagicha munosabat bildirgan:
- 28% — ehtiyoj yuqori,
- 41% — ehtiyoj past,
- 31% — umuman ehtiyoj sezmaydi.
Shuningdek, respondentlarning 65 foizi do‘konlarda xarid qilganida qaytim pullarini to‘liq olishini bildirgan bo‘lsa, qolganlar turli muammolarga duch kelayotganini aytgan.
Xususan, 17 foiz iste’molchi ba’zida ularga qaytim o‘rniga gugurt, saqich, qurt kabi arzon tovarlar berilishini, 14 foizi esa bu holat doimiy takrorlanishini ta’kidlagan. Eng qiziq tomoni, 4 foiz xaridor qaytimni umuman olmaydi — bunga esa do‘konda mayda pullarning yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

Omonat va jamg‘arma: mobil ilovalar oldinda
Aholida jamg‘armalarni saqlash borasida qarashlar turlicha:
- 23% — o‘zida, naqd pul shaklida;
- 23% — bank kartasida;
- 20% — bank omonatlarida;
- 34% — umuman jamg‘armasi yo‘q.
Biroq omonatlarni mobil ilovalar orqali shakllantirayotganlar ulushi ortib bormoqda — 35%. Mobil banking ommaviylashayotganiga yana bir dalil sifatida aholining 88 foizi kommunal to‘lovlarni aynan ilovalar orqali amalga oshirgani orqali bilish mumkin.
Naqd yechish chastotasi va bankomat sifati
Aksariyat fuqarolar (42%) oyiga 1–2 marta bank kartasidan naqd pul yechadi. Tez-tez pul yechadiganlar esa 23%ni tashkil etadi.

Bankomatlar borasida esa ko‘pchilik (62%) e’tiroz bildirmagan. Biroq 20% foydalanuvchi pul tez tugab qolishi, apparat ishlamay qolishi yoki kerakli nominal yo‘qligidan shikoyat qilgan.
Aksariyat xodimlar ish haqini kartada oladi
Ish xaqi to‘lovlarining qanday shaklda olinishi bo‘yicha so‘rov natijalariga ko‘ra:
- 87% aholi ish haqini faqat bank kartasi orqali oladi;
- 7% — aralash shaklda;
- 6% — faqat naqd pulda.
Bu raqamlar naqd puldan foydalanish hali ham saqlanayotgan bo‘lsa-da, raqamli to‘lovlar ustunlik qilayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank yil boshidan beri qo‘shimcha 5 trillion so‘m naqd pul chiqargani haqida yozgandi.