O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki ochiladi

eʼlon qilindi
Tayyab Finance'ga ruxsat berildi
Foto: Yandex Maps

Tayyab Finance mikromoliya tashkiloti O‘zbekistonda birinchi mikromoliya bankini ochish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnomani oldi. Litsenziya olish uchun tashkilot yana bir qancha bosqichlardan o‘tishi kerak. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Tayyabning yangi maqomdagi faoliyati raqamli bank formatida yo‘lga qo‘yiladi va bu orqali mijozlarga zamonaviy texnologiyalar asosida qulay, tez va ishonchli xizmatlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mikromoliya bankining ta’sischisi va boshqaruv tarkibi tajribali bank xodimlaridan iborat bo‘ladi.

Korxonaga berilgan dastlabki ruxsatnoma olti oy muddatga amal qiladi. Bu davr ichida zarur rasmiylashtirish jarayonlari yakunlanadi va faoliyat litsenziyasi olinadi. Shundan so‘ng «mikromoliya banki» iborasi tashkilot nomiga rasmiy qo‘shiladi.

Ma’lumot uchun, «Tayyab Finance» 2022-yil 14-oktabrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan. Ustav fondi – 13,9 milliard so‘m

Rasmiy hujjatlarda tashkilot aksiyadorlik jamiyati shaklida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 100% ulush aksiyadorlarga tegishli. Direktor lavozimida Xo‘jamurodov Shermuhammad Egamberdiyevich faoliyat yuritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar ulushi oshayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek